O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi yaqin yillarda 5 foizga pasayadi. Bu haqda Markaziy bank maʼlum qildi.

Tahlil qilinishicha, pul-kredit sharoitlarida qatʼiylik saqlab qolinishi joriy yil ikkinchi yarmida inflyatsiyaning pasayuvchi trendga o‘tishiga xizmat qiladi.
“Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2025-yil yakuniga qadar umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichi 8 foizga yaqin darajada shakllanishi kutilmoqda. Mart oyida aholining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 1,1 foiz bandga pasayib, 14,2 foizga, tadbirkorlar kutilmalari 0,8 foiz bandga sekinlashib, 13 foizga teng bo‘ldi. Yoqilg‘i va energiya taʼminoti yaxshilanishi hamda almashuv kursining nisbatan barqaror shakllanishi taʼsirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mart oyida pasayishiga qaramasdan, joriy inflyatsiya ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Kelgusida narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya resurslari qimmatlashishi, valyuta kursi o‘zgarishi hamda transport xarajatlari oshishini taʼkidlaganlar ko‘pchilikni tashkil etgan bo‘lsa-da, ularning ulushi avvalgi oyga nisbatan biroz kamaygan”, deyiladi hisobotda.
Qayd etilishicha, so‘nggi choraklarda tashqi noaniqliklarning ortib borayotgani va ularning ichki vaziyatga taʼsirlari kuchayayotgani sababli inflyatsion kutilmalar darajalarida tarqoqlik oshib bormoqda.
Markaziy bank joriy yil mayda energiya narxlari o‘tgan yildagiga nisbatan pastroq oshirilgani uchun yillik inflyatsiya sekinlashishiga xizmat qilishiga urg‘u bergan.
“Shunga qaramay, kutilayotgan energiya narxlari oshirilishining navbatdagi bosqichi inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarga ikkilamchi taʼsirlari sezilarli darajada shakllanishi bo‘yicha xatarlar saqlanib qolmoqda. Bunda, ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan bog‘liq taklif omillarining barqarorlashishida yoqilg‘i va energiya taʼminoti uzluksizligining taʼminlanishi muhim ahamiyat kasb etadi”, deyiladi sharhda.
Shu bilan birga, tahlilda tashqi noaniqliklar kuchayib borishi bilan bog‘liq xatarlar global isteʼmol narxlarining hamda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga hamda tashqi inflyatsion bosimlarning kuchayishiga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan.
“So‘nggi oylarda tashqi savdoning maqbullashishi, asosiy savdo hamkorlar valyuta kurslarining mustahkamlanishi hamda so‘m almashuv kursining nisbatan barqarorligi fonida almashuv kursi tomonidan kelgusi oylarda inflyatsiyaga bosimlar kutilmayapti. Shuningdek, kreditlash surʼatlarining tezlashishi hamda investitsion faollikning oshishi yalpi talabni qo‘llab-quvvatlovchi taʼsirga ega bo‘lmoqda”, deya masalani sharhlagan Markaziy bank.
Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilda respublikadagi inflyatsiya darajasi 5–6 foiz, 2027-yil yakunigacha 5 foiz darajasida shakllanishi kutilmoqda.
Avvalroq joriy yil yakunida umumiy inflyatsiya 7 foizgacha pasayishi mumkinligi prognoz qilingandi
Izoh (0)