Klassik avtomobillar ko‘pincha retro uslubdagi ko‘rinishi va nisbatan arzonligi tufayli noodatiy modifikatsiyalar uchun asos qilib olinadi. Ammo italiyalik mexanik Andrea Maratssi barchani hayratda qoldirishga qaror qilib, 1993-yilda ishlab chiqarilgan Fiat Panda asosida dunyodagi eng tor avtomobilni yaratdi.

Bir o‘rindiqli bu transport vositasi atigi yarim metrdan kichik eni bilan oddiy xetchbekni emas, ko‘proq multfilm qahramonini eslatadi.
Maratssining so‘zlariga ko‘ra, avtomobil ustida ish bir yildan ortiq davom etgan. Shunga qaramay, u 1993-yilgi asl modelning deyarli barcha qismlaridan foydalanishga muvaffaq bo‘lgan: faralar, eshiklar, tom qismi va g‘ildiraklar o‘z holicha saqlanib qolgan. Eng katta o‘zgarish, albatta, kuzovga tegishli: u ikkiga bo‘linib, toraytirilgan.


Avtomobilning asosiy funksiyalari ham saqlanib qolgan: u harakatlana oladi, to‘xtaydi, burilish chiroqlarini yoqadi va faralarni ishlatadi. Biroq kuzov ostiga hech bir standart dvigatel sig‘magani sababli, mexanik bu muammoni ijodiy yondashuv bilan hal etgan: u avtomobilga elektr samokatning dvigateli va 24 voltli akkumulyator o‘rnatgan. Bu tizim mashinaga soatiga 15 kilometr tezlikda 25 kilometr masofani bosib o‘tish imkonini beradi.

Ushbu noodatiy mitti mashinani odatdagi yo‘llarda uchratib bo‘lmaydi, chunki avtomobil ro‘yxatdan o‘tmagan va ko‘rgazma uchun namuna sifatida ishlab chiqilgan.
Izoh (0)