Internet olami turli mavzularda g‘aroyib layfxaklarga to‘la, ammo ularning aksariyati foyda berish o‘rniga jiddiy muammo tug‘dirishi mumkin. Masalan, sinalmagan va tibbiyotda isbotlanmagan go‘zallik bo‘yicha maslahatlarga amal qilish terida qizarish, yallig‘lanish yoki boshqa salbiy oqibatlarga olib keladi. Quyida aynan qanday maslahatlardan qochish kerakligi va nega ular xavfli ekani haqida so‘z boradi.

Dezodorantni praymer o‘rnida ishlatish
Bu noodatiy maslahat muallifi afg‘onistonlik go‘zallik blogeri Shabnam Hossine bo‘lib, u yuzga makiyajdan oldin dezodorant-kristall surtishni tavsiya qilgan. Unga ko‘ra, bunday vositadagi mineral tuzlar yog‘ bezlari faoliyatini nazorat qiladi, terini quritadi va teri yaltiramaydi.
Ammo haqiqatda bu mutlaqo teskari effekt beradi. Ha, dezodorantlar teri bezlarini nazorat qiladi, lekin yuzdagi yog‘ bezlarini to‘sib qo‘yib, husnbuzar toshiradi yoki allergiyaga qo‘zg‘aydi. Agar yuzdagi yog‘li yaltirashdan qutulmoqchi bo‘lsangiz, yog‘li yuzlar uchun maxsus mo‘ljallangan praymer yoki pudralardan foydalangan afzal.
Kipriklarga vazelin surtish

Denverdagi Smoothe Denver go‘zallik saloni egasi va kosmetolog Alisiya Ramos o‘z blogida kipriklarni parvarishlash usulini taklif qilgan. Unga ko‘ra, tush qo‘yishdan avval kipriklarga vazelin surtish kerak. Blogerning fikricha, bu kipriklarni namlaydi, mustahkamlaydi va sinishning oldini oladi.
Aslida esa bu “yaltiratish” vositasi kipriklarni bir-biriga yopishtirib qo‘yadi, ko‘z oldida xira qatlam hosil qiladi va keyinchalik tushni o‘chirishni qiyinlashtiradi. Kipriklaringizga chiroyli va sog‘lom ko‘rinish berishni istasangiz, yaxshisi, kipriklar uchun maxsus shaffof gel tanlang, ular chindan ham kerakli natijani beradi.
Tishlarni oqartirish uchun limon va sodadan foydalanish

Limon va soda yordamida “Gollivud tabassumi”ga erishish bir qarashda oson va arzon usuldek tuyuladi. Ammo uni sinab ko‘rishni tavsiya bermaymiz. Stomatologlar ogohlantirishicha, bu vositalar tabiiy tuyulsa-da, emalga jiddiy zarar yetkazadi. Soda limon kislotasi bilan birikkanida tish yuzasidagi dog‘larni yo‘q qilishi mumkin, lekin emalni ham yemirib, tishlar sezuvchanligini oshiradi.
Tabassumingiz chiroyli bo‘lishini xohlasangiz, malakali stomatologga murojaat qiling yoki oqartiruvchi tish pastalaridan foydalaning.
Shakar va asal aralashmasidan skrab sifatida foydalanish

“Shakarni asal bilan aralashtirsangiz, yuz uchun tabiiy skrab tayyor bo‘ladi” degan tavsiyani turli byuti bloglarda tez-tez ko‘rish mumkin. Ammo uni yuz terisiga ishlatish xavfli, chunki shakar donachalari juda dag‘al bo‘lib, terida mayda yaralar hosil qiladi. Asal esa yopishqoq va yuvilishi qiyin bo‘lgan mahsulot, natijada u terdagi tabiiy teshiklarni to‘sib qo‘yadi va yallig‘lanishga sabab bo‘ladi.
Endilikda zamonaviy kosmetologiyada skrablar o‘rniga ohista tozalovchi vosita — enzim pudralar qo‘llanmoqda, koreys kosmetologiyasida bir necha yil avval skrablardan foydalanish umuman to‘xtatib qo‘yilgan.
Soch uchun mo‘ljallangan lakni makiyaj fiksatori o‘rnida ishlatish

Soch uchun lak va makiyajni “qotirib beruvchi” fiksatorlar bir-biriga o‘xshash, deb o‘ylasangiz, adashasiz. Ba’zi blogerlar makiyaj qilib bo‘lgach, yuzga soch uchun mo‘ljallangan lak sepishni maslahat bermoqda. Bunday “layfxak” terini quritadi, allergiya toshiradi va boshqa noqulayliklar tug‘diradi. Chunki soch uchun lak tarkibida spirt va kuchli iforlar qo‘shiladi. Ular terida qizarish va qichishishga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun eng yaxshi yechim — maxsus fiksator spreyidan foydalanishdir.
Izoh (0)