Sirdaryo viloyati aholisi orasida boqimanda kayfiyatidagilar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Bu haqda 22-avgust kuni deputatlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov aytib o‘tdi.

Hokim so‘zlariga ko‘ra, hudud aholisini ish bilan taʼminlash imkoniyati boshqa viloyatlardagiga qaraganda yuqori. Biroq odamlar mavjud bo‘sh ish o‘rinlaridan bexabar qolyapti. Natijada qo‘shni viloyatlardan kelgan mutaxassislar Sirdaryoda ishlamoqda.
“Mahalla yettiligi eʼtiborsizligi, fuqarolarimiz boqimandalik kayfiyatiga berilayotgani evaziga ham o‘zimizda ish turib, odamlarimiz ishlamayapti. Boshqa joydan kelgan juda ko‘p fuqarolar bizda mehnat qilmoqda. Keng jamoatchilik, mahalliy yettiligi viloyatdagi mavjud ish o‘rinlarini joylarda yetarlicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishlari kerak. Biz o‘zimizni aybdor hisoblashimiz lozim”, dedi hokim.
Erkinjon Turdimovning aytishicha, viloyatda aksar mahalla raislari va mansabdorlar nima ish bilan shug‘ullanishni bilmaydi. Ular orasida “kunim o‘tsa bo‘ldi”, deydiganlari ham bor.
“Barcha darajadagi rahbarlar mahallalarga borib, odamlarni ishga jalb qilishimiz kerak. Ishlamaydigan odamlar ko‘payib ketyapti, ular boqimandalik kayfiyatiga berilmoqda. Ishlamaydigan odamga nafaqa-pafaqa bermasligimiz lozim. Baʼzilarga borib, “oylik uch million so‘m”, desangiz, “bu pulga ishlamayman”, deydi. Saviyangiz o‘zi uch millionlik, boshqa pul bera olmaydi.
Agar ko‘proq pul olaman desangiz, mutaxassis bo‘lishingiz, o‘qishingiz kerak. O‘qimasangiz, sizga hech kim pul bermaydi, xohlasangiz shu. U ishlashi kerak. Yo‘q, uch millionga ishlamay, uyida o‘tirishni afzal biladi. Bunaqa bo‘lmaydi. “Diplomim bor”, deydi. Diplom bo‘yicha oddiy savol-javob qilsangiz ham bilmaydi. Bunday diplom kimga kerak? U qog‘oz, diplom emas. Shuning uchun diplomi bor odam emas, bilimi bor, qo‘lidan ish keladigan odam ko‘proq oylik oladi. Zamon shunday bo‘lib ketyapti”, dedi hudud rahbari.
Erkinjon Turdimov aholi murojaatlari ko‘paygani, joyiga borib o‘rganilsa, aksar odamlar boqimanda kayfiyatda bo‘lib qolganini taʼkidladi. Ular orasida “faqat bergin”, deydiganlari ko‘p uchrayotganini urg‘uladi. Hokim o‘z nutqida kambag‘al bilan boqimandaning farqi kattaligini ham tushuntirgan.
“Eng asosiy maqsadimiz — odamlarimizni ishlashga o‘rgatish, boqimandalikdan chiqarish. Kambag‘al bilan boqimandaning farqiga borishimiz kerak. Kambag‘alda boquvchisi bo‘lmaydi, sharoiti og‘irligi sabab ishlay olmaydi. Ishlashga imkoniyati yo‘q. Shu sabab unga yordam qo‘lini cho‘zishimiz zarur.
Lekin qo‘lidan ish keladigan, uyida voyaga yetgan farzandi borlarni qanday qilib kambag‘al deyishimiz mumkin? U kambag‘al emas, boqimanda. Uni boqimandalikdan chiqarishimiz kerak. Ishlasa, unga haq berishimiz lozim. Ishlamasa, unga yordam bermaslik kerak. Boqimandaga sharoit, yo‘l-yo‘riqni ko‘rsatib, ishlagin deyishimiz, ish berishimiz muhim. Ishlamasa, ana katta ko‘cha”, dedi viloyat rahbari.
Avvalroq Erkinjon Turdimov deputatlar obro‘si baland bo‘lishi kerakligi, ular saylovchilar masalalarini har qanday darajadagi rahbarga ko‘ndalang qo‘yishi zarurligini aytgandi. Hokim o‘z chiqishlaridan birida obodonlashtirish brigadasi boshlig‘i qo‘l ostida ishlaydigan ayol nomiga kredit olib hajga borganini tanqid qilgan.
Izoh (0)