Venesuela prezidenti Nikolas Maduro AQSHning Karib dengizi mintaqasiga harbiy kemalar yuborish qaroriga javoban umummilliy safarbarlikka tayyorgarlik ko‘rayotganini e’lon qildi. Uning aytishicha, rasmiy bayonot shanba yoki yakshanba kuni e’lon qilinadi.

Maduro bu qadam AQSHning Venesuela yaqinidagi Karib dengiziga uchta harbiy kema yuborish qaroriga javob bo‘lishini ta’kidlagan.
U Karakasdagi paradda so‘zga chiqib, Venesuela tahdidlarga bo‘ysunmasligini uqtirgan. Shuningdek, mamlakat xalqi mustaqillik va hududiy yaxlitlikni himoya qilishga tayyor ekanligini aytgan.
“Oliy bosh qo‘mondon sifatida men xalq lashkari, zaxiradagilar va ixtiyoriy ravishda qo‘shilishga tayyor bo‘lgan barcha fuqarolarga murojaat qilib, ularni Milliy suverenitetni himoya qilish va tinchlikni saqlash rejasida ishtirok etishga chaqiraman. Venesuela tinchlik istaydi, va agar Venesuela tinchlik istasa, tinchlik bo‘ladi”, dedi Maduro.
“Tinchlik maydonlari” jamoat xavfsizligi dasturi doirasida Milliy lashkar kuchlari allaqachon mamlakatning 5336 ta hududiga joylashtirilgan. Ushbu tashabbus aholi yashaydigan hududlar va munitsipalitetlarda xavfsizlik kuchlarining harakatlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadini ko‘zlagan.
Prezidentning aytishicha, Venesuela faqat o‘z kuchiga tayanadi.
“Biz, Chaves qilganidek, imperialistik AQSHga harbiy qaramlikni, shuningdek, ularning bosqinchi kuchlar orqali Lotin Amerikasiga to‘ntarishlar, mafkuraviy, institutsional va siyosiy bo‘ysundirishni majburlash urinishlarini rad etdik”, dedi prezident.
U mamlakat AQSHdan keladigan barcha tahdidlarni yengib o‘tishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalq, qurolli kuchlar va politsiyaning birligi Venesuelani himoya qilish uchun asos bo‘ladi.
“Butun dunyo bilsin, imperiyalar bilsin: Venesuelada bugun har qachongidan ham ko‘proq imkoniyatlar bor. Shuning uchun biz tinchlikda yashayapmiz va tinchlikda yashashda davom etamiz”, dedi u.
19-avgust kuni Maduro AQSHning navbatdagi bosimlariga javoban 4,5 milliondan ortiq militsiya xodimi safarbar qilinishini ma’lum qilgandi.
Avgust oyi boshida AQSH Venesuela prezidenti Nikolas Maduro boshi uchun 50 mln dollar mukofot puli e’lon qilgandi.
Izoh (0)