Hindistonning Chxattisgarx shtati Dxamateriya tumanida 30 yoshli erkak telefonda gaplashayotgan paytda chaqmoq urilishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda India Today nashri xabar bermoqda.

Marhumning ismi Rohit Kumar Sinxa bo‘lib, u hojatxona qurilishini nazorat qilish uchun uydan chiqqan va ayni paytda uyali telefonida suhbatlashayotgan bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, chaqmoq urishi oqibatida uning qo‘lidagi qurilma portlab ketgan.
Rohit darhol yaqin atrofdagi shifoxonaga olib borilgan. Jarohatlarning og‘irligi sababli shifokorlar uni tuman kasalxonasiga yuborishga qaror qilishgan, ammo u yo‘lda jon bergan
“U ishdan uyga qaytgach, hovlisidagi hojatxona qurilishini tekshirish uchun tashqariga chiqqanida, unga chaqmoq urgan”, deydi marhumning qarindoshi.
Rohitni ko‘zdan kechirgan shifokorning fikriga ko‘ra, mobil telefon chaqmoqni o‘ziga tortgan bo‘lishi mumkin, bu esa portlashga va oqibatda o‘limga sabab bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, mobil telefonlarda nurlanish va magnit xususiyatlariga ega qismlar mavjud bo‘lib, ular atmosfera elektr razryadlarini o‘ziga jalb qilishi mumkin.
Aprel oyida Hindistonning sharqiy Bixar shtatida yashin urishi oqibatida 22 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.
Izoh (0)