Dehlida so‘nggi 20 yildagi eng kuchli yomg‘irlar natijasida bir kishi halok bo‘ldi, 15 ta bino qulab tushdi, deb xabar bermoqda NDTV telekanali shahar yong‘in xavfsizligi boshqarmasiga tayanib.
“Shanba kuni shaharda kuchli yomg‘irdan so‘ng 15 ta uy qulab tushdi, bir kishi halok bo‘ldi”, — deya o‘t o‘chirish xizmati vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirgan telekanal.
Shuningdek, Dehlining eng muhim biznes va tijorat hududlaridan biri — Konnat-Pleys suv ostida qolishi sababli poytaxt aholisi muammolarga duch keldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, atigi bir necha soatlik yomg‘ir shunday “dahshatli vaziyatga” olib kelgan.
Shu hafta boshida Hindiston radiosi Bixar shtatida chaqmoq urishi va kuchli yomg‘irlar ta’sirida kamida 12 kishi halok bo‘lganini xabar qilgan edi. Hindiston meteorologiya departamenti shtatning bir qancha hududlarida kuchli yomg‘ir davom etishi haqida ogohlantirdi, tabiiy ofatlarga qarshi kurashish bo‘limi esa chaqmoq urishi xavfi tufayli odamlarni yomg‘ir paytida ko‘chaga chiqmaslikka chaqirdi.
Izoh (0)