O‘tgan oyda yillik inflyatsiya 0,2 foizga ko‘tarilgan. Bunga ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, transport va yonilg‘i narxlari tez o‘sgani sabab bo‘lgan.

2025-yil fevralda O‘zbekistondagi isteʼmol narxlari indeksi (inflyatsiya) oylik 0,5 foizni, yillik 10,1 foizni tashkil etdi.
Narxlar yil boshidan beri ketma-ket ikki oy davomida 2024-yilning mos davridagiga qaraganda yuqoriroq o‘sdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning fevralida mamlakatda oylik 0,3 foiz, yillik 8,3 foiz inflyatsiya kuzatilgan.
Fevralda oziq-ovqat mahsulotlari narxi yanvardagidan 0,6 foizga, nooziq-ovqatlar 0,3 foizga, xizmatlar 0,8 foizga qimmatlashgan.
O‘tgan oyda quyidagi doimiy isteʼmoldagi oziq-ovqatlar narxlari inflyatsiyadan yuqori darajada oshgan:
- Pomidor — 30,1 foiz;
- Bodring — 17,3 foiz;
- Mol go‘shti — 2,8 foiz;
- Qo‘y go‘shti — 2,4 foiz;
- Sabzi — 2,4 foiz.
Bir oy davomida sut 0,4 foiz, kungaboqar yog‘i 0,4 foiz, olma 1,4 foiz, limon 4,1 foiz, karam 17,8 foiz, bulg‘or qalampiri 9,2 foiz, piyoz 0,3 foiz qimmatlashgan.
Shu bilan birga, fevralda issiq suv taʼminoti 0,4 foiz, dori vositalari va tibbiyot mahsulotlari 0,8 foizga oshgan. Benzin 0,2 foiz, propan 4,3 foiz, havo yo‘lovchi transporti xizmati 22,4 foiz, taksilar 0,9 foiz, temiryo‘l transporti 4,5 foiz qimmatlashgan.
Xususiy bog‘chalar xizmati narxi ham 0,9 foizga, repetitorlar 0,5 foizga, o‘quv kurslari narxi 0,1 foizga ko‘tarilgan.
Targetga yetish qiyinmi?
Markaziy bank 2024-yil yakunida O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi dastlab 9 foiz, keyin 9,5 foiz bo‘lishini prognoz qilgandi. Biroq yil so‘ngida inflyatsiya 9,8 foiz shakllandi.
2019-yildagi prezident farmonida Markaziy bankka inflyatsiyani 2021-yilda 10 foizga pasaytirish, 2023-yilda esa 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion maqsadni (target) o‘rnatish topshirilgan. Biroq bu maqsadga haligacha yetilgani yo‘q.
Bugungacha inflyatsiya targetlari bir necha marta o‘zgartirildi. Xususan, 2020-yilda 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishish muddati 2023-yilga, 2022-yildagi maqsad 2024-yil oxiriga, o‘tgan yili esa bu muddat 2025-yil ikkinchi yarmiga ko‘chirilgan.
So‘nggi prognozlarga ko‘ra, 5 foizlik inflyatsiya darajasiga 2026-yilning ikkinchi yarmida erishish kutilmoqda.
Joriy yil yakunigacha inflyatsiya darajasi 7-8 foizga tushishi prognoz qilingan. Ammo aprelda mamlakatda energiya tariflari, shuningdek, yil yakunigacha kommunal xizmatlar va avtomobillar uchun yonilg‘i narxlari sezilarli oshirilishi belgilangan. Bu kabi fiskal bosimlar inflyatsion targetga erishish davrini uzaytirishi mumkin.
Izoh (0)