“Real Madrid” va Ispaniya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Xulen Lopetegi Qatar terma jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda Qatar futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 58 yoshli mutaxassis Qatar futbol assotsiatsiyasi bilan ikki yillik shartnomani imzolashga rozilik bergan.
Ayni paytda Qatar terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichining A guruhida 10 ochko to‘plagan holda 4-o‘rinni egallab turibdi. Ularda to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoni yo‘q. Lekin ular 3-o‘rinni egallab, saralashning keyingi bosqichiga yo‘llanma olishi mumkin.

Ma’lumot uchun Lopetegining so‘nggi ishlagan joyi Angliyaning “Vest Hem” klubi hisoblanadi. U bu jamoani 2024-yil iyulidan 2025-yil yanvariga qadar boshqargan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi hozirda A guruhida 17 ochko to‘plab, 2-o‘rinni egallab turibdi. Temur Kapadze jamoasi so‘nggi turda aynan Qatarga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 10-iyun kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)