“Tolibon” 120 ming litrga yaqin neftni sifati past bo‘lgani uchun O‘zbekistonga qaytargani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bojxona qo‘mitasi qaytarib yuborilgan benzin O‘zbekistonga tegishli ekanini rad etdi.
Ma’lum qilinishicha, 2024-yil 20-yanvar kuni Rossiyadan (yuk jo‘natuvchi AO “Orsknefteorgsintez”) Afg‘onistonga (yuk qabul qiluvchi Bashir Navid Petroleum LTD) yuborilgan ikkita temir yo‘l sisternasida 120 tonna “avtomobilniy benzin neetilirovanniy” mahsulotlari Qozog‘istondan “Sariyog‘och”—“Chuqursoy” stansiyalari orqali O‘zbekistonga kirib kelgan.
Ushbu sisternalar 7-fevral kuni Surxondaryo viloyati “Ayritom” stansiyasi orqali Afg‘onistonga chiqib ketgan. Afg‘oniston tomonidan qaytarilgan mazkur neft mahsulotlari 6-aprel kuni “Ayritom” stansiyasi orqali O‘zbekistonga kirib kelgan.
“Afg‘onistonlik hamkorlarni ikki tomonlama do‘stona munosabatlarni inobatga olgan holda, tekshirilmagan va asossiz xabarlarni shoshma-shosharlik bilan tarqatmaslikka chaqiramiz”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, qo‘mita mamlakatda faoliyat yuritayotgan muayyan ommaviy axborot vositalaridan “O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi”ga amal qilishlari hamda tekshirilmagan, bir yoqlama, tasdiqlanmagan axborotlarni tarqatmaslikni so‘ragan.
Yanvar oyida “Tolibon” Hayraton portidan 62 tonnadan ortiq sifatsiz neftni O‘zbekistonga qaytargani xabar qilingandi. Bunga javoban “O‘zbekneftgaz” raisi Bahodir Siddiqov mazkur xabar noto‘g‘ri talqin qilinganini, “Tolibon” sifatsiz deb qaytargan mahsulot aslida yuqori sifatli ekanini aytgan.
Izoh (0)