2021-yilning 1-aprelida Rishton–So‘x yo‘li yana ochildi. Umrida So‘xga bormagan, bu tuman haqida tuzukroq tasavvur-tushunchasi yo‘q kishi yangilikni shunchaki, har doim eshitadigan axborotidek qabul qilar yoki ahamiyat bermas, lekin so‘xliklar uchun yo‘lning ochilgani haqiqiy baxt – bayram. Anklav hududda yashab, qo‘shni tuman yoki viloyat markaziga borish uchun butun boshli kunni (kamida 5–6 soat o‘tib-qaytishga sarflanadi) chegara postlarda oftob tig‘ida qovrilib, yomg‘ir-qorda ivib o‘tkazish, qardosh xalqning talab-shartlariga ko‘nish, mo‘ljalingdan ko‘proq sarf-xarajatga tushish – nazardan chetda qolgan tuman ahliga og‘irlik qiladi.
So‘x bilan Rishton orasini bog‘lab turadigan yo‘l bor-yo‘g‘i 19 kilometr. O‘rtadagi qirg‘iz yerini aytmasa, bir-biriga yonma-yon qo‘shni tumanlar. Tili ham (tojikcha gaplashishadi), urf-odatlari ham o‘xshash. Shungami, rishtonliklar So‘xga borsa yoki so‘xliklar Rishtonga kelsa, til topishishda, muomalada hecham qiynalmaydi. Yo‘l ochilgach, men ham sayr-sayohat bahonasida So‘xga otlandim. Ammo safar men o‘ylagandan mutlaq boshqacha kechdi.“‘Qizil pasport’ bo‘lmasa, mumkin emas!”
Yo‘lga tushmasimdan avval shu “yangilik”ni yetkazishdi. Chilonzor tuman Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limidan xorijga chiqish biometrik pasportini olgunimcha, o‘n kundan ko‘proq vaqt o‘tdi. So‘ng Rishtonga ketdim. U yerda: “Koronavirus bor-yo‘qligiga test topshirishing kerak!” deyishdi. Testni-ku, topshirarsiz, lekin kimdir tumanda topshirilgani, boshqasi viloyat markazidan beriladiganini aytaverib, odamni ikkilantirib qo‘ydi. Oxiri Farg‘ona viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasidan COVID-19’ga topshirgan testim natijasini olib (test 72 soat uchun amal qilarkan, xolos. Belgilangan muddat o‘tib ketsa, yana qaytadan topshirish, xarajatlar boshlanarkan), xotirjam “Rishton” chegara postiga bordim. Odam siyrak, o‘tib-qaytguvchilar tartib bilan asta, shoshilmay, kirib chiqishyapti. Qayerga, nima maqsadda ketayotganimni so‘rashdi. Qo‘limdagi sumka, hujjatlarim obdon tekshirildi. Nozir darchasidagi kameraga suratim olingach, betaraf hududdan Qirg‘iziston tomonga o‘tdim. U yerda ham xuddi shu savollar takrorlangach, pasportimga ruxsat muhri urildi. Endi qo‘shni davlat hududida turib, ulovimiz yetib kelishini kuta boshladim. Omonatgina qurilgan bekatda sheriklarini kutib o‘tirgan rishtonlik bir opa bilan picha gurunglashdim. “Qizimni Botken viloyatiga uzatgandim. Farzandli bo‘ldi. Ko‘rmanasiga beshik olib ketyapman. Avval Vodil yo‘lidan 5–6 soatda borib kelardim. Hozir, mana, shundoq postdan o‘taman-u, o‘n besh daqiqada qizimning uyiga kirib boraman”, deydi. Ha, yo‘l ochiqligi ko‘pchilikning, juda ko‘pchilikning hayoti, turmushi, ertasiga ta’sir qilarkan...Girdi tutzor dalalar bor ekan!
Kelishilgan ulov ham postdan o‘tib yonimizga keldi. Karantin kuchaytirilganigami yoki yo‘l endigina ochilganigami, yo‘lovchi mashinalar obdon tekshirilarkan. Har bir kishiga belgilangan og‘irlikdagi yukni olib o‘tishgagina ruxsat berilibdi. Og‘irroq yo hajmi kattaroq buyum-yuklar hali ham Vodil yo‘li orqali o‘tkazilayotgan ekan.
Nevarasiga beshik olib ketayotgan ayol bilan xayrlashib, yo‘lga tushdim. Atrofdan bahorning iliq-issiq tafti keladi. Qirg‘izlarda yer ko‘pligi bois uylar orasidagi masofa ham ancha keng. Bir qo‘shni ikkinchisinikiga boraman desa, 10–15 daqiqa vaqti ketadi-yov! Bir-birinikiga o‘xshatib pishgan g‘ishtdan imorat solish, tomini qirrali, yaltiroq tunukadan qilish urfga aylangan, shekilli, keta-ketguncha yakrang andozadagi uylarni ko‘rdim.
Yo‘ldagi yana bir manzara e’tiborimni tortdi. Bolaligimizda paxta, bug‘doy ekiladigan vodiy dalalari chetida g‘uj-g‘uj tutlar bo‘lar, dehqonlar kun tig‘ida o‘sha tutlar soyasida dam olib, peshindan keyingi ishga kuch yig‘ishardi. Lekin vaqt o‘tib, bular kimgadir yoqmadimi yo boshqa sabab, haytovur hozir vodiy yo‘llarida girdi tutzor dalalarni ko‘rmayman. Bolaligimning bir xotirasini yo‘qotgandekman. Ammo qirg‘iz yerlarida tutlar juda ko‘p ekan. Hammasini bir tekis, chiroyli kallaklab qo‘yishgan. Dala qo‘riqchisidek saf tortgan.
Aksar qirg‘iz dehqonlari asfalt yo‘lga sholi yoyib, oftob tig‘ida donini quritisharkan. Bizning tumanda sholini ko‘pincha kattaroq, maxsus qurilmada quritishadi. Bu yerda esa mahalliy dehqonlar tegirmonda sholini guruchga aylantirishdan avval uni tekis yo‘lga yoyib, yaxshilab quritib, keyin yanchisharkan.
Yo‘l-yo‘lakay hamrohlarni gapga soldim. Yo‘lning ochilgani yaxshi bo‘ldimi yoki mashaqqatlar o‘sha-o‘shaligicha qoldimi, deb so‘rasam:
– Yo‘q, ancha yaxshi. Vodil tarafdan o‘tib qaytmagansiz-da, bilmaysiz! Hozir yag‘ir yelkasiga oftob teggan otdek suyunyapmiz, – dedi chapda o‘tirgan onaxon.
– Ha, mana, mendan so‘rang. O‘ttizdan o‘tib, ma’lumotimni oliy qilgim keldi. Ayollar do‘xtirligiga o‘qiyapman, – dedi o‘zini Tul qishlog‘idanman deb tanishtirgan opa. – Eh-he, Andijonga borib kelgunimcha ona sutim og‘zimga kelib, bir kuni shart qo‘l siltab, o‘qishni tashlagim ham kelgan. Yo‘l azobi – go‘r azobiligini bizdan so‘rang. O‘zimizni postdan tezda o‘tamiz, qo‘shni davlatnikida soatlab, qormi, yomg‘irmi farqi yo‘q, o‘tiraverardik. Oldinlari o‘qishdan uyimga oylab qaytmasdim. Yuragim bezillardi. Bolalarimni sog‘inib ezilib ketardim. Mana, oxirgi o‘n kun ichi ikki marta o‘tib-qaytdim, singlim.“Qishlog‘imizga ginekolog kerak!”
Taxminan, 40–45 daqiqacha yurib, “Etikchi” qirg‘iz chegara postiga yetdik. Mashinadan tushib, hujjatlarni berib, turnaqator bo‘lib, pasportimizga muhr bosilishini kutdik. Yana savol-javob boshlanib, nega o‘tib-qaytayotganimiz, qayerga qanday maqsadda ketayotganimiz so‘raldi. Har kim murodi neligini tiliga ko‘chirdi. Ruxsat muhri urilgach, yana yo‘lga tushdik.
Rishton tarafdan borganda Tul qishlog‘i So‘xning darvozasi bo‘lib xizmat qilarkan. Atrofi qo‘ng‘ir, olovrang, go‘yo beliga kimdir tasma bog‘lab qo‘ygandek qad kergan tog‘lar orasidagi do‘ppidek qishloq uzoqdan ajib ko‘rinardi. Tepadan enib pastga tushganing sari mitti-mitti uychalar kattarib, qishloq bor sumbatini ko‘z-ko‘zlardi.
– Do‘xtirlikka o‘qiyapman, dedingiz. Bolalar bilan qiynalmayapsizmi? – opa bilan yana gaplashgim keladi.
– O‘qimasam, qishloq ayollarini ko‘rib qo‘yadigan ginekolog qolmaydi, singlim. Hozir qishlog‘imizda pensiyaga erta-indin chiqaman deb turgan birgina ginekologimiz bor. U opayam ketib qolsa, ayollar qayerga boradi? Hammaniyam viloyatga, markazroq tumanlarga borib ko‘rinishga qurbi yetmaydi. Qiynalsam ham, mayli. Qishlog‘imiz ayollariga yordamim tegadi-ku!
– Nega mutaxassis kam? Viloyatdan so‘rashmaydimi?
– Birinchidan, So‘xga chetdan kelib ishlaydigan tavakkalchining o‘zi yo‘q. Ikkinchidan, qiz-kelinini shu sohaga o‘qitadiganlar kam. Bizda universitetga tayyorlanish, repetitor deganga uncha jiddiy qarashmaydi. Keyin kontrakt-shartnoma pulini hammayam to‘lolmaydi. O‘zim ham bolalarimdan orttirolmaganim uchun shu paytgacha o‘qiyolmadim. O‘tgan yili so‘xlik xotin-qizlarga ajratilgan kvota bilan davlat granti bilan o‘qishga kirdim.
Shu palla qishloq poyidan oqib o‘tadigan So‘x daryosiga ko‘zim tushdi-yu, suvining shaffofligidan lol qoldim – bunday tiniqlikni (chetidagi toshlari ham oppoq – marvariddek tovlanadi) hatto “soylari sollanib oqadigan” Shohimardonda ham ko‘rmagandim. Hujjatlarimni tekshirayotgan nozirdan atayin: “Daryoning nomi nima?” deb so‘rasam, “Bilmayman!” dedi. Uzun shlagbaum oldidagi askar yigit: “So‘x daryosi” dedi shosha-pisha.
So‘xliklar Tul qishlog‘ini o‘zaro “Til” deb aytisharkan. Negaligini so‘rasam, tuzukroq javob aytishmadi. Balki, tilga shunisi o‘ng‘aymi yoki etimologik tarixi bormi, bilolmadim. Tulda shifokorlikka o‘qiyotgan opani qoldirdik. Farzandlarini otasiz o‘stirayotgan yolg‘iz ona uchun yo‘lning ochilgani, kvota sabab davlat granti bilan o‘qiyotganidan men ham quvondim. Dunyoda eng yomoni – odamning qadri bo‘lmasligi. Buni hamrohlarimning hikoyasidan fahmladim.Lingburd — “tizzasi chopilgan”lar qishlog‘i(mi?)
Tulni orqada qoldirib, tuman markaziga yo‘l oldik. Darvoqe, So‘xga kiraverishda – Tulning o‘zidayoq havoning tozaligi, tabiatning betakrorligi kayfiyatimni sal ko‘targandi. Shaharning dim, turfa is qorishiq havosiga to‘lgan o‘pkam ko‘pdan beri toza havo simirib yayramagandi. Xuddi tog‘ga ko‘tarilgan odamdek qulog‘im ham chippa berkildi. Besh-o‘n daqiqacha ovozlarni tuzukroq anglolmadim. So‘xliklarning tojikchasiga o‘xshamaydigan talaffuzimni allaqachon sezgan haydovchi yo‘ldagi diqqatni tortgulik narsalarni tushuntira ketdi:
– Hov, anavi tog‘ning tagidagi qishloq – bizniki. Lingburd deyishadi.
– Lingburd? Qiziq nom ekan...
– Ha, qadimda ota-buvalarimiz qishloqqa mabodo begona erkak kirgudek bo‘lsa, “tizzangni chopaman” deb qo‘rqitishgan ekan. Bir-ikkitasini kesishgan ham deyishadi. Shungami, qishloq nomi Lingburd bo‘lib ketgan. Qirg‘izlar bilan yonma-yon – tog‘ning naryog‘ida ular, berisida biz baqamti yashaymiz.
– Quda-andayam bo‘lib ketgandirsizlar? – deyman qiziqqanimdan.
– Yo‘g‘-a, bunday aloqa yo‘q. Boshqa qishloqlarda bo‘lmasa, biznikida quda-anda bo‘lgan odamni eshitmadim.
Lingburdning qiziq tarixini, qirg‘izlar bilan orada vaqti-vaqti bilan bo‘lib turadigan mojaro-kelishmovchiliklarni eshitib, Gumbara qishlog‘ini tepadan suratga oldim. Gumbara – narigi tomon, demak. Yo‘limizga chapligi uchun qishloqqa kirmadik.“Bog‘ sayri” neligin bilmay o‘sayotgan bolalar
Nihoyat, tuman markaziga yetdik. Atrofga qarasam, to‘rt taraf ham tog‘. Ba’zilarining qori hali erimagan, uzoqdan ko‘kish halqob ichida suzib yurgandek tuyuladi. Mo‘jaz shaharchaga kiraverishda – “Navobod” MFY hududida qurilajak aerodromga poydevor quyilayotgan ekan. Aytishlaricha, loyiha qiymati 12 mlrd so‘mga yetarkan. Aerodrom qurib bitkazilsa, tumandagilar Farg‘ona shahriga havo yo‘llari orqali borib-kelishi ta’minlanarkan. Bunisi endi juda katta yengillik.
Sal yurgandik, chap tarafda “Do‘stlik” madaniyat va istirohat bog‘i bor ekan. Bog‘ning temir panjaralari taqa-taq yopiq. Negaligini so‘rasam, haydovchi zaharxanda kuldi:
– E, bu bog‘ga qarg‘ish teggan, parvo qilmang, – dedi.
– Nega? Muqaddas joymidi?
– Ha, yo‘q... Ikkimi-uch oy ishlab, birdan yopildi. Hamma hayron. Bilsak, anavi halinchaklari talabga javob bermaskan. Yiqilib tushish xavfi bor deyishdi. Qarang, shuniyam eskisini olib kelib, qurib qo‘yishgan chog‘i. O‘zi so‘xlik bolalarning peshonasi yaltirashga ham ulgurmaydi. Nimadir qursa buzuq chiqadi, yo kimdir yeb ketadi.
– Bundan boshqa joy yo‘qmi dam olgani? – so‘radim atayin.
– Puli borlari Farg‘onaga borib aylanib keladi, imkoni yo‘g‘i qishlog‘idan chiqmay o‘tiraveradi. Bechora bolalarga ba’zan rahmim keladi. Sayr nima, ota-onasi bilan aylanish nima, temir arg‘imchoqda uchish nima – bilmaydi. Televizorda ko‘ri-i-i-b yuraveradi.
Boshqa savol bermadim. Yarasini yaxshilab yangilaganim yetar. So‘x tumanidagi 1-maktabda oilaviy tanishimizning qizi ishlardi. Yo‘lga chiqqanimda buvimdan shu opaning manzilini olgandim. Daraklab-so‘roqlab, topib bordim. Dilfuza opa yuqori sinflarga o‘zbek tilidan dars berarkanlar. Miriqib suhbatlashdik.
– So‘xda birortayam o‘zbek tiliga ixtisoslashgan maktab yo‘qmi? – deyman tojikcha lavhalarga hayron qarab.
– Yo‘q, hamma maktab tojik tilida o‘qitadi. O‘zbek tiliga ixtisoslashgan maktab bo‘lishi uchun, o‘zingizam bilasiz, mutaxassis kerak. Ba’zi o‘qituvchilarimiz ikkinchi mutaxassislik qilib o‘qishyapti. Lekin shuyam yetmaydi. Chetdan na shifokor, na o‘qituvchi yurak yutib keladi. Hatto, o‘zimizning talaba bolalarimiz ham qaytishga ikkilanadi. Boshqa sharoit va muhitni ko‘rgandan keyin fikri o‘zgarsa kerak-da.
– O‘n bir yil tojik tilida savod chiqarib, harf tanigan bola ertaga o‘qishga imtihon topshirayotganda qiynalmaydimi?
– Qiynaladi! Mana, siz o‘zbek sinfida o‘qib, yana ona tili va adabiyot bo‘yicha repetitorga borgansiz. Til qonun-qoidalari murakkabligini mendan yaxshi bilasiz. Endi tojik bolalarning ahvolini tasavvur qilavering. O‘zbekchada tuzukroq gaplasholmaydi-yu, qoidalarni tatalab o‘rganadi. O‘qishga kirmoqchi bo‘lgani harakatini qiladi. Repetitorga boradi, qo‘shimcha darslarga qatnaydi, ishqilib, yo‘lini topadi. O‘qishni xohlamaydigani maktabni tamomlagach yo Rossiyaga ketadi, yo dalasida ketmon chopadi. Qizlar esa tikish-bichish, pishir-kuydirni o‘rganvolib, turmushga chiqadi.
– Biror ishlab chiqarish korxonasi yo ish beradigan tadbirkor yo‘qmi?
– Sement zavodni aytmasa, na sex bor, na korxona. O‘g‘il bolalar esini tanigandan Rossiyaga ketishga oshiqadi, qizlarni bo‘lsa egasiga topshirish taraddisi ko‘riladi. Lekin o‘tgan yilgi kvota sabab ko‘pchilik o‘qishga kirdi. Shunaqa sharoitlar ham bor ekan-ku!
– Qizlarga kasb-hunar o‘rgatadigan biror markaz ishlamaydimi? – yana ijikilab so‘rayman.
– Tikuvchilik bilan pishiriq kurslarini aytmasa, durustroq mashg‘ulot yo‘q. Ko‘pi dalada chopiq qiladi, turmushga chiqsa, uy-ro‘zg‘or ishidan ortmaydi ham.
– Boya yo‘lda kelayotib, bir opa qishlog‘imizga ayollar shifokori yetishmaydi, dedi. Bu yerda ham shundaymi?
– Kelayotib, qulflog‘liq istirohat bog‘iga ko‘zim tushdi. Haydovchi hazillashib, la’natlangan joy dedi. So‘xda bolalar borib o‘ynaydigan boshqa joy yo‘qmi?– Tuman kasalxonasida bir ayol va uch erkak ginekolog ishlaydi. Do‘xtir Gulchehra opaga navbat ko‘pligidan (aksar ayol erkak shifokorga ko‘ringisi kelmaydi) ba’zilar sabri yetmay, Farg‘ona shahriga boradi. Yo‘l uzoqligigayam qarab o‘tirmaydi. O‘zimam kelinimni ko‘pincha markazga olib boraman. Imkoniyati yo‘qlar joni og‘risayam, tishini tishiga bosib, navbati kelishini kutadi. Mana shu muammo necha yildirki, yechilmay qolyapti. Aslida, ayb o‘zimizda! Qizlarimizni shifokorlikka o‘qitmaymiz. Keyin ayol shifokor izlab yuramiz.
– Yo‘q! Bog‘ning attraksionlari nosozligidan hech qancha o‘tmay yopib qo‘yishdi. Haligacha tuzatishmaydi. Sal chetroqda lager qurilayotgandi, uyam yopib qo‘yilibdi. Qishloqdagi bolalar mol boqadi, shahardagisi boshqa yumushini qiladi – kuni o‘tadi-da.
Dilfuza opa bilan ikki soatcha dildan gaplashdim. Hamma savolimga erinmay, ro‘y-rost javob eshitdim. So‘xliklarning dangal-dadilligini yoqtirib qoldim.Ariq suviga non botirib yesa bo‘ladi
Maktabdan chiqib, So‘x tuman dehqon bozoriga kirdim. Odatda, qiziq gaplarni bozorda eshitish mumkin. G‘afur G‘ulom ham arzimas bahonani tutvolib, bir bog‘ ko‘kat uchun bozor oralab ketganini, savdogarlarning gurungini miriqib tinglaganini xotiranomalarda o‘qigandim. Tuman dehqon bozori yangitdan qurilayotgani, orqa tarafida baland imorat hali to‘liq bitkazilmaganigami savdogarlar tartibsiz joylashib, molini har yerda sotyapti. Atrofdagilardan bozor rastasi qayerda, deb so‘rasam, “Bizda rasta yo‘q”, deyishdi. Toshkent-u, vodiyda ko‘zim o‘rgangan rastalarni So‘xdan topolmadim.
Bozordan chiqqach, bir ulovni kira qilib, Dilfuza opa topib bergan suratkash bola hamrohligida “Sarikanda” MFYdagi Hazrati Ali ziyoratgohini daraklab ketdik. Qishloqning teparog‘ida joylashgan ziyoratgohga ko‘pincha kelin-kuyovlar to‘y kuni kelib, suratga tushishar, ziyoratgohga yondosh masjidda nikoh o‘qitisharkan.
Atrofga chiroyli supalar, usti yopiq ayvonlar qurilgan, yoz oylari ziyoratchilar shu yerda hordiq chiqarib, ko‘ngil chigilini yozisharkan.
Ziyoratgoh obodligiga 92 yoshga kirgan Toshkentboy ota Ashurov uzoq yillardan beri mas’ul ekan.
– Bu yerga kimdir Xudoyimdan farzand, kimdir kori-xayrining rivojini so‘rab keladi, – deya Toshkentboy ota ziyoratgoh tarixini so‘zlab berdi. – Parvardigor ham so‘rganni noumid qilmaydi. Duosini ijobat qiladi. Maqbara ichida hech qanday qabr yo‘q. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning sevimli jiyanlari va kuyovlari Hazrati Ali islom dinini yoyish niyatida shu tuproqqayam qadam bosgan ekanlar. Tabarruk qadamlari yetgan joyni ota-buvalarimiz muqaddas bilib, atrofini guvala, tosh bilan o‘rab qo‘yishgan ekan. Keyinchalik qadam yetgan joy o‘rnida maqbara quriladi.
Toshkentboy otaning qiziq hikoyalarini eshitib, duolarini olib, o‘tgan yili nomi ovoza bo‘lgan Chashma bulog‘iga olib borishlarini so‘radim. Buloq deganda bir enlik, biqirlab-qaynab yotgan joyni tasavvur qilgan ekanman. Chashma ta’riflaganlaridan ziyoda ekan: suvining tiniqligidan buloq tubidagi jamiki go‘zallik manaman deb turar, uzoqdan ko‘lga ham o‘xshab ketardi. Yaqinroq borib, tikilsam, har yerda bilinar-bilinmas titroq – suvning yer tubidan biqirlab chiqayotgani ko‘rindi. Xuddi suvga mayda tosh otgandek yuzasi halqob tortarkan.
Butun Chashma ahli va so‘xliklar shu suvdan ichadi, ehtiyojiga ishlatadi. Qishloqqa kiraverishda bir holatdan juda ta’sirlandim. Bundan yigirma yillar avval ko‘chamiz boshidagi hovuzga sharqirab quyiladigan ariqqa non botirib yerdik. Suvni aziz tutib, odamlar na chiqindi, na ko‘chasining supurindisini, kirining mag‘zavasini oqizardi. Hozir Rishtonda toza ariqni topishning o‘zi muammo. So‘xda bolalar eshigi oldidan oqqan suvdan simirib-simirib ichayotgani, non botirib yeyayotganini ko‘rib, bolaligimning unutilgan yillarini esladim. Ariq labi, chashma atrofida na axlat, na ishlatilgan yelim paket, baklajka, supurindi ko‘rinadi. Atrofda tabiatning gard inmagan go‘zalligi hukmron. “Ekologik toza hudud” deb shu yerni ko‘rsatish kerak. Chashma suvini ko‘p xastalikka davo, deyisharkan. “Ba niyati shifo” deb dardmandlarga ixlos bilan ko‘p-ko‘p ichirisharkan.
Vaqt peshindan og‘ib, safarim qariyotganini sezsam-da, So‘xga kelayotganda eshitganim “ayol ginekologlarning yetishmasligi” xayolimdan ketmas, tuman shifoxonasiga borib, biror mas’uldan bunga tayinli javob olgim kelardi. Suratkash bolaga muddaoyimni aytgach, yo‘l boshladi. Kasalxonaga borgach, tug‘ruq bo‘limi darchasini taqillatdik. Akusher-ginekolog Gulchehra opani so‘rattirsam, ish vaqti tugab, ketib bo‘lgan ekan. Ikki navbatchi ayoldan tuzukroq gap ololmadim.
Bosh shifokorga uchrasharman, degandim, eshigi qulflog‘liq ekan. O‘rniga o‘rinbosarini topdim.
– Kutilmaganda ahvoli og‘irlashgan, tug‘rug‘i qiyin kechadigan ayolni olib kelishsa, birinchi tibbiy yordam qanday ko‘rsatiladi? – deyman.– Bizda, aslida, umumiy amaliyot shifokori yetishmaydi, – dedi Barotjon aka Ma’rufov. – Ginekologiya bo‘yicha muammolarni yilma-yil kamaytiryapmiz. Hozircha juda qiynalib, og‘ir ahvolga tushgulik vaziyatda emasmiz. Bor umidimiz so‘xlik talabalardan. Mayli, olti-yetti yil kutsak ham o‘shalarning kelishiga ko‘z tikyapmiz.
– Mutaxassislar kamligiga hamma bir-biriga yordam beradi. Jarrohimiz murakkab operatsiyalarni ham qilishiga to‘g‘ri kelgan. Siz aytgan holatda hech bir muammo bo‘lmaydi.
– Koronavirus og‘ir kechmadimi tumanda?
– Xudoga shukr, o‘lim sur’ati, kasallanish soni ancha past bo‘ldi. Anklav hududligimizga chetdan kelganlarni tezda o‘n to‘rt kunlik karantinga olib, kasal yuqtirganini davolab, chorasini ko‘rdik. Hushyor qishlog‘ida o‘tgan yili 50 koykali joy ham hozirlagandik. Tabiatning o‘ziyam yordam berdi. Havomizning tozaligi, odamlarning o‘zini o‘zi asrab, ehtiyotini qilganiyam foydamizga ishladi.
Sayohatimni shu yerda tugatib, Rishtonga qaytish taraddudiga tushdim. Tuman markazidan yo‘lovchi ulovga o‘tirib, ortimga qaytarkanman, birorta o‘g‘il-qiz bilan gaplashmaganim, uni qiynaydigan muammolarini eshitmaganimni esladim. Ortga qaytay desam, yo‘lning yarmidaman. Ham juda toliqqandim. Vaqtning shomga qarab ketayotgani ham bir taraf. Manzilga yetay deganimda, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘qiydigan Shohro‘z xayolimdan o‘tdi. Bir gal televizorda: “So‘xdan kelib, shu dargohda o‘qiydigan yolg‘iz o‘zimman” degani qulog‘imga chalingandi. Toshkentga qaytsam, ko‘rishishni, suhbatlashishni mo‘ljalladim.
Uyga qaytib, so‘xliklar nega Rishton, Qo‘qon, Farg‘ona shaharlariga oshiqishini tushungandekman: rivojlanish haminqadar, ishlab chiqarish deyarli yo‘q (oddiy trikotaj mahsuloti ham anqoga shafe), oziq-ovqat, kiyim-kechak xiyla qimmat, bolalar o‘yingohi, dam olish maskani bir umrlik orzu bo‘layotgan hudud uchun markaz yagona ilinj.
“O‘zbek tili muallimi hammadan kam oylik oladi!”
Toshkentga qaytgach, Shohro‘zni topdim. Talaba o‘g‘lonning dardi ancha yig‘ilib qolgan chog‘i, so‘xlik yoshlar ta’limi, ularni ko‘proq nima qiynashi haqida so‘raganimda, boshidan o‘tganlarini so‘zlay ketdi:– 2016-yilning 3-yanvarida So‘xdan chiqib, Vodil yo‘li orqali 180 km aylanib, o‘qishga tayyorlanish niyatida Rishton shahriga repetitorga borganman. O‘zimizning tumanda yo‘qligiga ko‘pchilik chetga borib o‘zbek tilidan tayyorlanishga majbur bo‘ladi. U paytlari ham So‘xda gaz-svet deyarli o‘chmas, ammo o‘qishga tayyorlanish uchun bundan bo‘lak sharoit topilmasdi. Har kuni litseyga borarimda qishloqlararo qatnaydigan “damaschi”larning: “O‘qishga puli bor kiradi!” deyishlari ishonchimni o‘ldirardi.
Rishtonning eng oldi repetitor o‘qituvchilari qo‘lida o‘qirkanman, o‘zbek maktabini bitirgan tengqurlarim orasida o‘zimni yakkalangandek, boshqa sayyoradan kelgandek sezardim. Yettita tilda ta’lim beriladigan yurtimizda o‘zbek tili fani davlat tili sifatida o‘qitilsa-da, haligacha oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun barcha milliy maktablar qatori ona tili va adabiyot (o‘zbek tili) fanidan imtihon topshiriladi. 5–6 yillar avval bu muammo o‘zga tilli maktablar sonini qisqartirish hisobiga “hal etilayotgan” edi. Ammo ko‘p millatli va bag‘rikeng xalq bo‘lganimizgami, bunday siyosat allaqachon to‘xtatildi.
Maktab va litseyda o‘qigan yillarim So‘x tumanida davlat tilini bilish – bilim, imkoniyat va salohiyat sifatida emas, balki siyosat sifatida qaralardi. Garchi Konstitutsiyamizda kerak o‘rinlarda ona tilimizda ish olib borishga imkoniyat yozilgan bo‘lsa-da, viloyat yoki poytaxtdan tumanimizga kimdir mehmonga kelsa, peshlavhalar almashtirib qo‘yilardi hatto. Hammadan kam oylik oladigan o‘zbek tili fani o‘qituvchisi hech qachon bolalarni o‘qitishdan manfaatdor bo‘lmasdi. Buni ko‘rib, tengdoshlarimning ko‘pi eng ma’qul yo‘lni – Rossiyaga shartta ketib, tezroq boyib ketishni xohlar edi.
Qaysidir tilni o‘rgatishda hadeb moddiy tomonni emas, ma’naviy tarafni ham ko‘rsatish, uqtirish kerak, nazarimda. “O‘zbek tilini o‘rganmasang, seni hech qayerga ishga olishmaydi”, – deb emas, balki “O‘zbek tilini o‘rgansang, sen Abdulla Qahhorning qochirimlarini anglaysan, Erkin Vohidovning g‘azallarini o‘qiysan, Hofiz Sheroziyga yuzlab tatabbu bog‘lagan, Abdurahmon Jomiyni o‘ziga pir bilgan Alisher Navoiyni tushunasan. Navoiyni o‘qisang, sen mo‘minlik martabasiga yetishish yo‘llarini izlaysan”, – deb bola qalbida tilga hurmat, mehr uyg‘otadigan pedagoglar kerak tumanimizga...
Rishtondaligimda bir narsaga tushunolmasdim: u yerdagi abituriyentlar ham uyida mol-holga qarar, ro‘zg‘or ishiniyam, o‘qishiniyam o‘rinlatar, bir kecha kunduzda 2–3 soat “svet” kelar, lekin ota-onasi, baribir, bolasining o‘qib, odam bo‘lishiga sharoit yaratib berardi. O‘shanda hovlisiga o‘rnatgan 18 millionli darvozasi bilan maqtanadigan o‘rtog‘im ham men bilan o‘qishga tayyorlanishini judayam istardim. Hozir ham universitetda yagona so‘xlik talabaman. Har yili qabul komissiyasi ish boshlaganida o‘rtoqlarimga shu yerga hujjat topshirishlarini so‘rayman. Afsuski, Toshkentning uzoq deb hisoblanishi, kirish ballarining balandligi o‘zga tilli maktabda qoniqarsiz o‘qitiladigan o‘zbek tili fanini o‘zlashtirolmagan tengdoshlarim uchun bo‘y yetmas dor.
Shohro‘zni tinglarkanman, men tanib-tanimaydigan yoshlar bilan bir musaffo osmon ostida yashab, muammolarimiz, dunyolarimiz naqadar keskin farqlanishi, xayol-o‘ylarimizdagi tafovut chuqur o‘yilganini fahmladim.
– Ishonasizmi, o‘quvchiligimda repetitorni qandaydir dastgoh deb tasavvur qilganman, – deydi u xayolimni bo‘lib. – Qish payti so‘xlik yoshlar deyarli maktabga bormaydi. Havo qattiq sovigani, qor qalin yog‘ganidan o‘qishlar to‘xtaydi, maktab xonalarini isitishga yuboriladigan ko‘mirlar Toshkent viloyatidan kelguncha negadir tuproqqa aylanib qoladi. Shunisini hech tushunolmasdim o‘shanda. Endi-endi fahmlayapman. So‘xda ishsiz, maqsadsiz yurgan yoshlar ko‘p. Bolasini o‘qitishga rag‘batlantirmaydigan ota-onalar undanam ko‘p. Shunisiga achinaman...
Tongdan shomgacha davom etgan safarimni uzoq yillar eslab yursam kerak. Afsus, hammasiniyam qog‘ozga tushirolmadim. Chegara postning ochilib, so‘xliklarning eng katta muammosi hal etilgan esa-da, hali oldinda tugundek bog‘langan masalalar talay ekan. Bir davlat fuqarolari bo‘lsak-da, rivojlanish, dunyoga chiqish, o‘qish-o‘rganishda farqimiz-tafovutlarimiz darzi keng. Zora vaqti kelib, bugun ko‘rganlarimni ertaga ko‘rmasam, so‘xliklar orzusidagi So‘xni ko‘rsam...
Izoh (0)