Hindistonning Birnihat shaharchasida ifloslanish tufayli aholi nafas olish tizimi muammolari va teri kasalliklarini boshdan kechirmoqda. Shaharcha Shveysariyaning IQAir guruhi tomonidan dunyodagi eng iflos shahar sifatida e’tirof etilgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Shifokorlarning aytishicha, aholida ifloslanish ta’sirida yuzaga kelgan kasalliklar kuzatilmoqda. Hudud o‘zining tabiiy go‘zalligi bilan tanilgan bo‘lsa-da, havo sifati aholini qiynamoqda.
Ikki yoshli Sumaiya Ansori shaharchadagi vaziyat tufayli mart oyida kasalxonaga yotqizildi va kislorod yordami bilan davolandi.
IQAir kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Birnihatda yillik o‘rtacha PM2,5 zarrachalari miqdori 128,2 mikrogramm/m³ bo‘lgan. Bu JSST tavsiya etgan darajadan 25 baravar yuqori.
PM2,5 — bu o‘lchami 2,5 mikrondan kichik bo‘lgan zarrachalar bo‘lib o‘pkaga kirib boradi. Ular o‘limga olib keluvchi kasalliklar, ayniqsa, yurak muammolariga sabab bo‘ladi.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, hududning o‘zida nafas yo‘llari infeksiyalari bilan kasallanish holatlari keskin oshgan. 2022-yilda 2 082 ta bo‘lgan, 2024-yilda esa 3 681 tagacha oshgan.
Har kuni bemorlarning 90 foizi yo‘tal yoki boshqa nafas olish muammolari bilan duch keladi, dedi shifokor Doktor J. Marak.
Zaharli havo terida toshmalar, ko‘zda achishishni keltirib chiqaradi va ekinlarga zarar yetkazadi. Kirlarni ochiq havoda quritish esa imkonsiz.
Hindistonda sanoat jadal rivojlanishi hisobiga ekologik xavfsizlikka e’tibor berilmayapti. Bu muammo faqat yirik shaharlarda emas, kichik shaharlarda ham uchramoqda.

Boshqa hududlardan farqli ravishda, Birnihatda havo sifati faqat qishda emas, balki yil davomida yomonligicha qoladi, deyiladi hukumat bayonotida.
Shaharchada ifloslanishga sabab bo‘luvchi 80 ga yaqin sanoat korxonalari mavjud. Muammo og‘ir transport vositalaridan chiqadigan gazlar bilan kuchaymoqda.
“Hudud Meghalaya tepaliklari va Assam tekisliklari o‘rtasida joylashgani sababli iflos moddalar tarqala olmaydi, bu esa vaziyatni yanada yomonlashtiradi”, dedi ekologik nazorat kengashi raisi Arup Kumar Misra.
Mart oyida IQAir hisobotining e’lon qilinishi ortidan ikki shtat bir qarorga keldi. Assam va Meghalaya shtatlari birgalikda ishlash va Birnihatdagi ifloslanishga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma qo‘mita tuzishga kelishib olishdi.
IQAir ma’lumotiga ko‘ra, 21-aprel kuni Toshkentda havo sifati yomon, PM2,5 zarrachalari miqdori yuqori bo‘lgani sababli bu havo sog‘liq uchun zararli hisoblanadi.
Izoh (0)