Yaqin kelajakda smartfonlarda juda qiziqarli yangi funksiyaning paydo bo‘lishi kutilmoqda — ular boshqa qurilmalarning “salomatligini” tahlil qilib, nosozliklar haqida oldindan ogohlantira oladi. Bu texnologiyani Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi e’lon qildi.

Unga ko‘ra, AI Pre-Care Notification deb nomlangan yangi sun’iy intellekt asosidagi ilova orqali foydalanuvchilar o‘z uyidagi maishiy texnikalar holatini kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi. Ilova qurilmalarning ishlash sharoitlari, yuklanish darajasi va umumiy texnik holatini tahlil qilib, yaqin oradagi ehtimoliy nosozlik haqida ogohlantirish yuboradi.
Ushbu funksiyaning, ayniqsa, katta uy xo‘jaliklari uchun qulaylik yaratishi kutilmoqda. Texnik nosozlikni vaqtida aniqlash orqali foydalanuvchilar ortiqcha xarajatlardan qutulishlari va texnika umrini uzaytirishlari mumkin bo‘ladi.
AI Pre-Care Notification dastlab Samsung’ning o‘ziga xos maishiy texnikalari — muzlatkichlar, konditsionerlar, idish yuvish mashinalari, pishirish panellari, mikroto‘lqinli pechlar va kir yuvish mashinalari bilan integratsiyalanadi.
Yaqin kelajakda bu funksiya yangi avlod Galaxy smartfonlarida to‘liq joriy qilinishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Samsung ilovani bulut texnologiyalari orqali boshqa tizimlarga ham ulashni rejalashtirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi funksiyalar foydalanuvchining texnikadan ongli foydalanishini rag‘batlantiradi va xizmat ko‘rsatish tizimining yanada soddalashtirilishiga olib keladi.
Izoh (0)