Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Sergeli tuman Ichki ishlar boshqarmasida fuqaro Javohir Qurbonov qiynoqqa solingani haqida xabarlar tarqalgan edi. IIBB holat yuzasidan barcha tafsilotlarni ochiqladi.
Unda aytilishicha, 2025-yil 8-fevral kuni Sergeli tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan soat 16:00 larda qora Gentra haydovchisi shubha uyg‘otgani sababli tekshirish uchun to‘xtatilgan.
Mashinada bo‘lgan muqaddam sudlangan shaxslar xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgan va turli tomonga qochishga uringan.
Dalillarga ko‘ra, 1988-yilda tug‘ilgan J. ismli shaxsning qo‘lida katta miqdordagi dorilar borligi aniqlangan. Sud ekspertiza xulosasi bu dorilar kuchli ta’sir qiluvchi ekanini ko‘rsatgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra fuqaro J. o‘ng oyoq panjasi 5-panja suyagi asosidan yopiq sinib, qoniqarli turishi tashxisi qo‘yilgan. Ammo u bu jarohatni xodimlardan qochish vaqtida o‘z ehtiyotsizligi oqibatida olgan.
Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili nazoratiga olindi. Holat yuzasidan Bosh prokuraturaga ombudsman talabnomasi kiritildi.
Ombudsman ushbu holatni qonun talablari doirasida ko‘rib chiqilishi, voqeaning barcha jihatlarini ochiq va adolatli surishtiruvini ta’minlashni so‘ragan.
Hibsda vafot etayotganlar ishi
18-mart kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning 2024-yildagi faoliyati muhokama qilindi.
Muhokamalar jarayonida senator Husan Ermatov prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, so‘roq jarayonini stenogramma qilish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan xonalarni tashkil etish bo‘yicha ishlar qay darajada ekani yuzasidan IIV masʼullariga savol berdi. Savolga IIV huzuridagi Tergov departamenti boshqarma boshlig‘i Sherzod Shermatov javob berdi. Uning aytishicha, bugungi kunda departament va uning hududiy bo‘limlarida tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan 57 ta maxsus xonalar tashkil etilgan.
Fevral oyida Surxondaryoda so‘roqqa olib ketilgan fermer vafot etgan, IIV Jazoni ijro etish departamentining Olmaliqdagi 14-sonli koloniyasidan 21 yashar mahkum — Muhammadqodir Po‘latovning jasadi chiqqan edi.
Maʼlumot uchun, qiynoq oqibatida kelib chiqqan o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq 235-modda 3 va 4-qism bilan to‘ldirilyapti:
- ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar badanga og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
- ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar jabrlanuvchining o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)