Sirdaryo viloyati Guliston shahrida kredit mablag‘ini talon-toroj qilgan MCHJ aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Guliston shahar bo‘limi tomonidan “Mikrokreditbank” Sirdaryo viloyati mintaqaviy filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda “K.J.” MCHJ masʼul shaxslari bankning Sardoba bank xizmatlari markazidan ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga fitnes klub va kompyuter xizmatlarini tashkil etmasdan, sotib olingan kompyuter jihozlarini boshqa shaxslarga naqd pulga sotib yuborib, 400 million so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoda xususiy bog‘cha qurish uchun ajratilgan 356 mln so‘m kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Sirdaryoda 10 mlrd so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirgan MCHJ aniqlangan edi.
Izoh (0)