Ukraina tinchlik bitimi evaziga o‘z nazoratidagi Donetsk va Lugansk viloyatlari hududlarini Rossiyaga topshirmaydi. Bu haqda prezident Vladimir Zelenskiy 17-avgust kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen bilan matbuot anjumanida ma‘lum qildi.

Zelenskiy avval o‘t ochishni to‘xtatish, undan keyin tinchlik kelishuvi ustida ishlash kerakligini aytdi.
“Putinning talablari ko‘p, biz ularning barchasini bilmaymiz. Agar ular biz eshitganimizdek ko‘p bo‘lsa, ularning hammasini ko‘rib chiqish uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ladi.
Buni esa qurol bosimi ostida qilish mumkin emas. Shuning uchun avvalo otashkesim bo‘lishi, so‘ng tezkor tarzda yakuniy kelishuv ustida ishlash kerak. Biz bu haqda Vashingtonda (18-avgust kuni Tramp bilan uchrashuvda) gaplashamiz”, dedi Ukraina prezidenti.
U hududiy masala faqat Rossiya va Ukraina prezidentlari tomonidan AQSH ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuvda muhokama qilinishi kerakligini aytdi.
“Rossiya hamon Donetsk viloyatida muvaffaqiyatga erisholmayapti, Putin 12 yil davomida uni egallay olmadi”, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
U Ukraina Konstitutsiyasiga ko‘ra, “hududlarni topshirish yoki yer bilan savdo qilish mutlaqo imkonsiz” ekanini ta‘kidladi.
Zelenskiy 18-avgust kuni Oq uyda Tramp bilan uchrashib, Ukrainada tinchlik o‘rnatish masalasini muhokama qiladi. AQSH yetakchisi bilan uchrashuvda Yevropa davlatlari prezidentlari, jumladan: Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb, Germaniya kansleri Fridrix Merts, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ishtirok etadi.
Sky News xabariga ko‘ra, muzokaralarda Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ham ishtirok etadi. Yig‘ilishga fon der Lyayyen va NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham qo‘shilishi kutilmoqda.
Izoh (0)