Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Jondor tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda “J.T.” ishlab chiqarish kooperativi rahbari B.T. “A.Q.” MCHJ rahbari A.H. bilan o‘zaro til biriktirib, tijorat banki filialidan ajratilgan 647 million so‘m kredit mablag‘larini 32 nafar fuqaroning issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun yo‘naltirmasdan, ushbu mablag‘larni moliyaviy yordam sifatida uchta xo‘jalik yurituvchi subyektining hisob raqamiga o‘tkazish orqali naqdlashtirib olgani aniqlangan.
Shu kabi, departamentining Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “G.Sh.” NTT rahbari K.M. va boshqalar tijorat banki filialidan xususiy sherikchilik asosida 100 o‘rinli zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti qurish uchun ajratilgan 1,6 milliard so‘m kreditni o‘zining norasmiy boshqarib kelgan “O‘.F.” MCHJga o‘tkazib, 356,7 million so‘mni rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritish orqali o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani ma’lum bo‘ldi.
Departamentning Dehqonobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “A.S.” fermer xo‘jaligi rahbari N.N. hududiy tijorat bankidan 12 nafar fuqaroga chorva mollari yetkazib berish uchun ajratilgan 349,5 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritish orqali o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Buxoroda fermer xo‘jaligi soxta hujjatlar orqali 420 ming dollardan ortiq kredit mablag‘ini o‘zlashtirib yuborgani aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy va Termiz tumanlarida 11 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan MCHJ rahbarlari aniqlangandi. Surxondaryo va Farg‘onada esa oilaviy korxona rahbarlari 1,2 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlarni talon-toroj qilgandi.