AQSH prezidenti Donald Tramp urushni tugatish uchun Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni Qrim va NATOdan voz kechishga chaqirdi. Bu haqda siyosatchi o‘zining Truth Social sahifasida yozib qoldirdi.

Prezidentlar 18-avgust kuni Oq uyda muzokara olib boradi. Ikki tomonlama uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:15 da boshlanadi. Ukraina prezidenti muzokaralar uchun allaqachon Vashingtonga yetib kelgan.
Prezident Zelenskiy istasa, Rossiya bilan urushni darhol tugatishi yoki davom ettirishi mumkin. Hammasi nimadan boshlanganini eslang. Obama bergan Qrimni (12 yil oldin, bitta ham o‘q uzmasdan!) qaytarib bo‘lmaydi. Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi ham yo‘q. Ba’zi narsalar hech qachon o‘zgarmaydi!!!, dedi AQSH prezidenti uchrashuv oldidan.
Shuningdek, u Yevropa ittifoqi davlatlari rahbarlari va Zelenskiy bilan muzokaralar arafasida Oq uyda “katta kun” bo‘lishini e’lon qildi.
Men hech qachon bir vaqtning o‘zida bunchalik ko‘p Yevropa yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazmaganman. Ularni qabul qilish men uchun katta sharaf, degan Tramp.
Ukraina prezidenti Vashingtonga kelgach o‘zining Telegram kanalida muzokarlardan kutilmalarini ma’lum qildi.
Biz bu urushni tez va ishonchli tarzda tugatishni xohlaymiz. Tinchlik esa uzoq muddat davom etishi kerak. Bu avvalgidek bo‘lmasligi lozim — Ukraina Qrimni va Donbassning bir qismini berishga majbur qilingan, Putin esa bundan yangi hujum uchun tramplin sifatida foydalangan paytlardagidek emas. Yoki 1994-yilda Ukrainaga go‘yoki “xavfsizlik kafolatlari” berilgan, ammo bu ish bermagan holatlardagidek emas.
Albatta, 2022-yildan keyin ukrainaliklar Kiyev, Odessa, Xarkovni bermagani singari, o‘shanda ham Qrimni bermaslik kerak edi. Ukrainaliklar o‘z yeri, o‘z mustaqilligi uchun kurashmoqda, dedi prezident.
U hozirda ukrain harbiylari Donetsk va Sumiy viloyatlarida muvaffaqiyatlarga erishayotgani aytdi. Shuningdek, Rossiya o‘zi boshlagan bu urushni tugatishi shartligini xulosa qildi.
Izoh (0)