Yevropa Ittifoqi (YI) “Tolibon” imzolagan xalqaro shartnoma va konvensiyalar asosida afg‘on fuqarolarining huquqlarini himoya qilish va hurmat qilishga majbur ekanini bildirdi.
YI bayonot e’lon qilib, Afg‘onistonda ayollarning universitetlarga borishiga to‘sqinlik qilish qarori xalqaro majburiyatlarni buzish ekani, ayollar va qizlarga nisbatan institutsional va tizimli diskriminatsiya hisoblanishini ta’kidladi.
“Afg‘oniston fuqarolarining xalqaro shartnomalarga asoslangan huquqlari diskriminatsiyasiz sifatli ta’lim olishni o‘z ichiga oladi. Har bir bola kamsitishlarsiz boshlang‘ich va o‘rta ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Oliy ta’lim ham diskriminatsiyadan xoli bo‘lishi zarur.
Asosiy huquqlardan qasddan mahrum qilish xalqaro huquqqa ziddir va Rim statutining 7-moddasiga ko‘ra, keng tarqalgan hujumning bir qismi hisoblanadi va insoniyatga qarshi jinoyat sifatida ta’riflanadi”, deyiladi bayonotda.
Hujjatda keltirilishicha, Afg‘oniston Rim statutida ishtirok etuvchi davlatlardan biri, shuning uchun “Tolibon” unga amal qilishga majbur.
“Afg‘on ayollari va qizlarini ta’lim olish huquqidan mahrum qilish ularning rivojlanish va jamiyatda to‘liq, muhim rol o‘ynash qobiliyatini zaiflashtiradi”, deyiladi hujjatda.
Bayonotning bir qismida YI Afg‘oniston xalqiga sodiq qolishi, kerakli yordamni ko‘rsatish uchun mamlakatdagi vaziyatni kuzatishi qayd etilgan.
Ayni paytda “Tolibon”ning ayollar uchun universitet va o‘rta maktabga borishiga qo‘ygan taqiqi mamlakat ichida va xorijda noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.
“Tolibon” hokimiyat tepasiga kelgach, Afg‘onistonda ayollarning qator huquqlari cheklandi. Ularga istirohat bog‘lariga va sport zallariga borish taqiqlandi. Bunga javoban ayollar yashirincha yerto‘lada fitnes zallari ochishni boshladi. Afg‘onistonda ayollarning ko‘chaga chiqishi, hatto shifoxonaga erkak hamrohlarisiz borishi taqiqlangan. Bundan tashqari, ayollarni omma oldida qamchilash boshlangan.
Mavzuga doir: Yevropa Ittifoqi “Tolibon”ning ayollarga nisbatan yangi cheklovlarini qoraladi
Izoh (0)