Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu “maxsus harbiy operatsiya zonasiga borib”, qurolli kuchlar bo‘linmalarini tekshirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Shoygu harbiy qism punktlarida shaxsiy tarkib va harbiy texnikani joylashtirish shartlarini tekshirgan. Bo‘linma komandirlarini tinglash chog‘ida mudofaa vaziri urushga jalb qilingan qo‘shinlarni qo‘llab-quvvatlashdagi tashkiliy ishlarga e’tibor qaratgan. Mudofaa vaziri harbiy qismlarning joylashuv hududi, isitish, taom tayyorlash va ovqatlanish sharoitlarini ko‘zdan kechirgan.
Shuningdek, Shoygu guruh harbiy xizmatchilari bilan suhbatlashgan va ularga “maxsus harbiy operatsiya” topshiriqlarini namunali bajargani uchun minnatdorlik bildirgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Shoyguning aynan qayerga borganiga aniqlik kiritmadi va hodisa joyidan fotomateriallarni chop etmadi.
18-dekabr kuni Mudofaa vazirligi Shoygu “qo‘shinlar joylashtirilgan hududlar bo‘ylab uchib o‘tgani va ‘harbiy operatsiya’ zonasidagi rus bo‘linmalari pozitsiyalarini tekshirganini” ma’lum qildi. Shundan keyin Mudofaa vazirligi Shoygu vertolyot oynasidan mudofaa inshootlarini qanday tekshirayotgani aks etgan videoni tarqatdi. Yozuv tahlili shuni ko‘rsatdiki, Shoygu Armyansk qishlog‘i hududida, ya’ni front chizig‘idan 80 kilometr uzoqlikda parvoz qilgan.
20-dekabr kuni Ukraina prezidenti jang kechayotgan Baxmutga bordi. Bu xabardan so‘ng, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin, go‘yoki birinchi marta jangovar harakatlar zonasiga borgani haqida xabar berdi. Rasman Putin jangovar harakatlar zonasiga biror marta ham borgani yo‘q. O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy to‘liq ko‘lamli urush davrida Donetsk viloyatining Slovyansk shahriga tashrif buyurgandi. 14-noyabr kuni esa o‘qqa tutilgan Xersonga borgan.
Izoh (0)