Xitoy rahbari Si Szinpin Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, sobiq prezident Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi. Uchrashuv Pekindagi Davlat uyida bo‘lib o‘tdi. Medvedev Si Szinpinga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning murojaatini yetkazdi.
“Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi, Xitoy Xalq respublikasi raisi Si Szinpin bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Biz ikki hukmron partiya, Xitoy Kommunistik partiyasi va ‘Yagona Rossiya’ o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildik. Ikki tomonlama hamkorlik, barcha sohalardagi strategik sherikligimiz, jumladan, albatta, sanoat kooperatsiyasi va boshqa ko‘plab masalalarni muhokama qildik. Biz xalqaro vaziyatni, jumladan, Ukrainadagi mojaroni muhokama qildik. Bu muzokaralar juda foydali bo‘ldi”, — dedi Dmitriy Medvedev Telegram kanaliga joylagan videosida.
Shuningdek, u Xitoy rahbariga Vladimir Putinning murojaatini yetkazdi, deb xabar qildi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari kotibiyati. Unga ko‘ra, murojaatda “Rossiya—Xitoy siyosiy muloqoti va amaliy hamkorligining misli ko‘rilmagan darajasi” qayd etilgan.
Si Szinpin Ukrainadagi mojaroni cho‘zish har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lmasligini aytgandi. G‘arb davlatlari Xitoyni harbiy mojaroni hal qilishda Rossiyaga ta’sir o‘tkazishga bir necha bor chaqirgan. “Vedomosti” gazetasi diplomatik manbaga tayanib, Si Szinpin dekabr oyi oxirida Vladimir Putin bilan uchrashishi mumkinligi haqida xabar berdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ikki davlat rahbarlarining ehtimoliy uchrashuvi haqidagi savolga javob bermadi.
Izoh (0)