Markaziy bank O‘zbekistonga 2021-yilning yanvar-sentabr oylarida xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 5,7 milliard dollarni tashkil etganini ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkich 2020-yilning mos davriga (4,3 milliard dollar) nisbatan 34,2 foizga, 2019-yilning mos davriga (4,5 milliard dollar) nisbatan esa 29 foizga ko‘p.
“Gazeta.uz”ning Markaziy bankning 2021-yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha to‘lov balansi joriy operatsiyalari hisobining dastlabki ko‘rsatkichlari asosida tayyorlangan hisobotiga tayanib yozishicha, ushbu pul o‘tkazmalari aholi birlamchi va ikkilamchi daromadlari o‘sishini ta’minladi. Jahon banki tahlilchilari ham iqtisodiyotning tiklanishiga mehnat migrantlari pul o‘tkazmalari hajmining ortishi ko‘maklashishini qayd etgan.
Qayd etish lozimki, amaliyotda pul o‘tkazmalari nafaqat qisqa muddatli ishchilar va norezidentlar (bir yildan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lgan ishchilar) tomonidan oilalariga mablag‘ yuborish maqsadida, balki tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha hisob-kitoblar maqsadida ham amalga oshirilishi mumkin.
Avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz — yillik 14 foiz darajasida qoldirgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)