Markaziy bank boshqaruvi 21-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda asosiy stavkani o‘zgarishsiz — yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shu bilan birga, “Pul-kredit siyosatining 2022-yil va 2023—2024-yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarining dastlabki konseptual loyihasi” ham ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil boshida yillik stavka 14 foiz etib tasdiqlagandi. 2019-yilda ushbu stavka 16 foizgacha ko‘tarilgandi. 2020-yil mart oyida ham bazaviy stavka o‘zgarishsiz qoldirilib, 16 foiz deb belgilangandi.

Markaziy bank boshqaruvining 2020-yil 14-apreldagi qarori bilan asosiy stavka 1 foizga pasaytirilib, yillik 15 foiz darajasida belgilangan edi. Iyun oyida esa Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirishi haqida xabarlar tarqaldi, biroq 11-iyun kuni asosiy stavka bo‘yicha qaror qabul qilingan va u 15 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirilgandi.

2020-yil 10-sentabr kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 1 foizga pasaytirib, 14 foiz etib belgiladi. Shundan buyon asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.