Germaniya kansleri Angela Merkel 10-may, yakshanba kuni rasmiy tashrif bilan Moskvaga keladi. Echo.msk.ru’ning xabar berishicha, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan birga Noma’lum askar qabriga gul qo‘yadi.
Rossiya va G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashganiga qaramay, Germaniya hukumati rahbari Ikkinchi jahon urushining yakuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etishni prinsipial darajada muhim deb hisoblaydi.
Merkelning so‘zlariga ko‘ra, gitlerchilar Germaniyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar uchun javobgarlikning eng katta qismi aynan nemislar yelkasiga tushadi. Ayni vaqtda, u G‘arbning boshqa yetakchilari qatori, 9-may kuni Moskvada bo‘lgan G‘alaba paradida ishtirok etishdan bosh tortdi.
Germaniya nashrlari ushbu qaror Ukrainadagi vaziyat tufayli qabul qilingani haqida yozishdi. Qayd etish joiz, Merkel Moskvaga joriy tashrifi davomida Donbassdagi vaziyatni Putin bilan faol muhokama etishni maqsad qilgan.
Moskvaga tashrifidan so‘ng Merkel Berlinda Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoni qabul qilishi kutilmoqda. Ushbu uchrashuvning asosiy mavzusi ham Donbassdagi vaziyat bilan bog‘liq bo‘ladi.
Izoh (0)