AQSH prezidenti Donald Trampning reytingi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Alyaskada o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin keskin oshdi. Bu haqda Insider Advantage tadqiqot xizmati o‘tkazgan so‘rovnoma natijalari ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sammitdan so‘ng Amerika rahbarining ma’qullanish reytingi 54 foizga yetgan. Respondentlarning 44 foizi uning faoliyatini ma’qullamaydi, 2 foizi esa o‘z fikrini bildirmagan.
Ta’kidlanishicha, Trampning ko‘rsatkichlari afroamerikaliklar va lotin amerikaliklar orasida yaxshilandi, oq tanli aholi orasida esa uning qo‘llab-quvvatlanishi deyarli rekord darajadagi 64 foizga yetgan.
Insider Advantage so‘rovnomasi 15-17 avgust kunlari o‘tkazilgan bo‘lib, uning xatolik chegarasi 3,09 foiz bandni tashkil etgan.
YouGov tadqiqot xizmatining iyul oyi o‘rtalarida e’lon qilingan ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovda qatnashganlarning atigi 41 foizi AQSH prezidenti faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan, amerikaliklarning taxminan 55 foizi esa uni ma’qullamagandi.
15-avgust kuni AQSH va Rossiya prezidentlari Alyaskadagi Elmendorf-Richardson harbiy-havo kuchlari bazasida Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha “uchga uch” formatidagi muzokaralar o‘tkazdi. Bu Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri AQSH va Rossiya rahbarlarining ilk uchrashuvi edi.
Izoh (0)