AQSH prezidenti Donald Tramp 2026-yilgi oraliq saylovlar oldidan pochta va bahsli elektron tizimlar orqali ovoz berishga qarshi farmon imzolashini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Trampning ta’kidlashicha, u ovoz berishning bu usullariga qarshi harakatga rahbarlik qiladi.
“Men pochta orqali ovoz berishni bekor qilish harakatiga rahbarlik qilmoqchiman. Bundan tashqari, juda noaniq, juda qimmat va bahsli elektron ovoz berish tizimlariga ham qarshiman. Ular suv belgilari bo‘lgan qog‘ozdan o‘n baravar qimmatroq, lekin qog‘oz tezroq va kim g‘alaba qozongani, kim mag‘lub bo‘lganiga shubha qoldirmaydi. Biz buni 2026-yilgi oraliq saylovlarga halollikni qaytarish to‘g‘risidagi farmonni imzolashdan boshlaymiz”, deydi u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Uning aytishicha, AQSH pochta orqali ovoz berish qo‘llaniladigan dunyodagi yagona mamlakat bo‘lib qolmoqda. Boshqa davlatlar “ommaviy firibgarlik holatlari” tufayli bu amaliyotdan voz kechgan.
Oq uy rahbari 2020-yilgi saylovlarda demokratlarning pochta orqali byulletenlar bilan noqonuniy harakatlari tufayli mag‘lub bo‘lganini bir necha bor ta’kidlagan. O‘shanda saylovda Jo Bayden g‘alaba qozongan edi.
Izoh (0)