Ijtimoiy tarmoqlarda IIO xodimlari va fuqarolar o‘rtasida mojaro aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 16-avgust kuni soat 21.40 larda Olmazor tumani Qoraqamish 1/3 dahasida tungi xizmatga jalb qilingan profilaktika inspektori Sh.Qurbonov va patrul-post xizmati inspektori A.Mamadaliyev xizmat olib borayotgan vaqtida uch nafar fuqaro yo‘l chetida to‘xtab turgan Malibu rusumli avtomashina oynasining qoraytirilgan plyonkasini shilayotganini ko‘rishgan.

Hodimlar ulardan avtomashinaning egasi kimligini surishtirib, hujjatlarni taqdim etishni so‘raganida 2005-yilda tug‘ilgan U.M. ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, avtomashina eshigini qulflab, hech qanday hujjatlarni taqdim etmay, ularga faol qarshilik ko‘rsatgan.
Fuqaro voqea joyidan qochishga uringan, ammo xodimlar tomonidan qo‘lga olinib, tuman IIO FMBga olib borilgan. Tekshiruv jarayonida avtomashina U.M.ning akasi R.M.ga tegishli ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIO FMB tomonidan U.M.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194-modda va 195-moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar esa qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.
Avvalroq Sirdaryoda Cobalt olib qochgan ikki yigit ularni to‘xtatishga harakat qilgan IIB xodimini pichoqlab, uning Matiz’ini haydab qochib ketishgani to‘g‘risida xabar qilingandi. Ular keyinroq to‘xtash ishorasini bergan YPX inspektorini ham mashinada urib yuborgan.
Izoh (0)