Rossiya prezidenti Vladimir Putin Malayziya “Boing”ining Ukrainadagi qulashida aybdor. Ushbu bayonot, Reuters axborot agentligi xabariga ko‘ra, Oq uy rasmiy vakili Joshua Ernest tomonidan berilgan, deb yozadi “Kun” nashri.
“Biz Malaysia Airlines samolyoti yerdan uchirilgan raketa orqali urib tushirilganini bilamiz. U ayirmachilar nazorati ostida bo‘lgan va Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi ishlamayotgan hududda urib tushirilgan”, – dedi Barak Obamaning matbuot kotibi.
“Biz shu sababdan ushbu fojeada Vladimir Putin va ruslar aybdor degan xulosaga keldik”, — deya qo‘shimcha qildi Oq uy rasmiy vakili Joshua Ernest.
Eslatib o‘tamiz, Malaysia Airlines’ning “Boing-777” samolyoti 17-iyul kuni Ukraina sharqidagi, ayirmachilar bilan janglar ketayotgan Donetsk viloyatida qulagan edi. Layner bortida 298 kishining barchasi fojea natijasida halok bo‘lgan.
Hodisaning asosiy sababi sifatida “Boing” raketa bilan urib tushirilgani haqidagi taxmin ilgari surilmoqda. Ayni vaqtda, ham rasmiy Kiyev, ham rossiyaparast ayirmachilar ushbu hodisaga daxldor emasliklarini ta’kidlab, bunda bir-birlarini muntazam ayblab kelishmoqda.
Avvalroq AQSh “Boing” Ukrainadagi rossiyaparast ayirmachilar tomonidan urib tushirilganini bir necha bor ta’kidlagan edi. Biroq, shu bilan birga, AQSh razvedkasi Vashingtonda Rossiyaning layner qulashiga aloqadorligini bevosita isbotlaydigan dalillar yo‘qligini tan olgan.
Izoh (0)