Bugun, 18-avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida qurilgan Milliy futbol markazida bo‘ldi. Bu haqda Prezident axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, markaz foydalanishga topshirilgan bo‘lib, unda qator imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, bir vaqtning o‘zida oltita terma jamoa o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkaza oladi.

Buning uchun stadionlar, o‘quv binolari, sport zallari, mehmonxona qurilgan. Qo‘shimchasiga plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn va reabilitatsiya bo‘limi ham bor.

Majmuada professional futbolchi va mutaxassislarni tayyorlash uchun to‘rtta tuzilma tashkil etilgan. Ular: Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi, Respublika futbol akademiyasi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazidir.

Prezident majmuada yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan. Qayd etilishicha, Futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasi bo‘limiga xorijiy uskunalar olib kelingan, eng ilg‘or uslublar o‘zlashtirilgan. Bu futbolchilarga qisqa vaqt ichida jismonan tiklanish imkoniyatini beradi.

Futbol akademiyasida yosh isteʼdodlar saralanib, tarbiyalanadi. Buni xalqaro darajada tashkil etish uchun markazga Argentina, Vengriya va Xorvatiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan. Ular malakali murabbiy, hakam, tahlilchi, seleksioner va futbol menejerlarini tayyorlashda ishtirok etmoqda. Majmuada “VAR markazi” ham tashkil etilgan.

Davlat rahbari shu yerda sport faxriylari va yosh futbolchilar bilan suhbatlashgan. O‘zbekistonda futbol eng ommaviy sport ekani, uni rivojlantirish izchil davom ettirilishi taʼkidlangan.

Joriy yil aprelda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi birinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanma olgandi. Prezident ushbu jamoa futbolchilari bilan uchrashgan.

“Biz hamma sohada dunyoda munosib o‘rin egallashga intilyapmiz. Sportchilarimiz buni tezroq yetkaza oladi. Sizlar irodali g‘alabangiz bilan, xalqimiz mehnat qilsa, harakat qilsa, hamma narsaga qodir ekanini yana bir bor isbotladingiz. Butun dunyo sizning timsolingizda azmu shijoatli, g‘ururi baland, hech qachon intilishdan qaytmaydigan yangi O‘zbekiston avlodini ko‘rdi. Endi futbolni hozirgidan ham 2-3 karra ko‘proq qo‘llab-quvvatlaymiz. Sizdek yoshlar xalqimizning ishonchi, prezidentning quvonchisizlar”, – degan Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumot uchun, prezident ikki yil oldin markazga kelib, mavjud stadionga tutash hududda zamonaviy majmua qurish zarurligini aytgandi. Ko‘p o‘tmay, 2023-yil 3-noyabrda “Futbol-taʼlim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori imzolan.
Izoh (0)