O‘tgan hafta internetda Jennifer Lopesning Toshkentdagi konsertidan olingan lavhalar katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bu shov-shuv 56 yoshli xonandaning hayratlanarli darajada go‘zal ko‘rinishi tufayli edi. Qaddi-qomati kelishgan, energiyaga to‘la, terisida birorta ham ajin ko‘rinmasdi. Rostini aytganda, haqiqiy yoshini bilmagan odam xonandani 30 yoshlarda deb o‘ylashi mumkin.
Go‘yo Jey Lo yoshlik eliksirini topgandek edi. Ammo aslida buning siri ancha oddiy va har birimiz uchun erishsa bo‘ladigan darajada.
- Birinchi odati — sport
Jennifer Lopes qanchalik band bo‘lmasin, haftasiga 4–5 marta mashq qiladi, hatto tug‘ilgan kunida ham sportdan voz kechmaydi. U har kuni soat 4:45 da turib, ish boshlanishidan oldin zalga kirib chiqadi.
Los-Anjelesda u mashhur Treysi Anderson bilan ishlaydi. Treysi ko‘proq o‘z og‘irligi bilan bajariladigan mashqlarga e’tibor beradi: har bir mashq 60–100 marta takrorlanadi. Asosiy urg‘u qorin, son va oyoq mushaklariga qaratilgan.
Nyu-Yorkda esa Lopes Devid Kirsh bilan shug‘ullanadi. U funksional trening ustasi bo‘lib, mashg‘ulotlari qattiqroq: kikboksing, aylana mashqlar, berpi, planka. Uning “o‘rdak yurishi” deb ataladigan maxsus mashqi — keng “prisedaniya”da oldinga yurish bo‘lib, bunda son mushaklari ishlaydi.
Sizga maslahat: Ertalab soat 5 da turish shart emas. Haftasiga 3–4 marta, 45–60 daqiqa mashq qilishning o‘zi kifoya. Asosiy narsa — muntazamlik. Mashq turlarini almashtirib turish (masalan, kuch mashqlari, yoga yoki raqs) bir tomondan zeriktirmaydi, ikkinchi tomondan turli mushaklarga foydali.
- Ikkinchi odati — uyqu
Jennifer Lopes: “To‘liq uyqu – mening eng katta go‘zallik sirim”, deydi. U har kuni 8–10 soat uxlashga qat’iy amal qiladi: to‘liq qorong‘ilik, hech qanday telefonsiz. Derazalarda qalin parda bo‘lishi shart.
Bu oddiy tuyulishi mumkin, ammo ilm-fanga ko‘ra aynan uyqu paytida teri tiklanadi, kollagen va o‘sish gormoni ishlab chiqariladi. Uyqusizlik darhol yuzda bilinadi — qora halqalar, xira teri, ajinlar. Doimiy uyqusizlik esa qarish jarayonini tezlashtiradi.
Hatto suratga olish ishlari tun bo‘yi cho‘zilsa ham, Jennifer to‘liq dam olish uchun vaqt ajratadi.
Sizga maslahat: Uxlashdan bir soat oldin barcha gadjetlarni o‘chirib, uyquga tayyorgarlik rejimiga o‘ting — iliq vanna, kitob o‘qish yoki meditatsiya. Unutmang, 7–8 soat uyqu hashamat emas, balki zaruratdir.
- Uchinchi odat — suv
Jennifer Lopes har kuni 12 stakan suv ichadi — bu deyarli uch litr. Uningcha, “Namlik — terining yosh va yorqin ko‘rinishining eng katta siri.” Haqiqatdan ham suvsizlangan teri tezda xira va bo‘shashgan bo‘lib qoladi.
Ammo gap faqat suvda emas. Jennifer tanani suvsizlantiradigan narsalardan butunlay voz kechgan: alkogol, qahva va sigaret. Ularning barchasi teri rangiga va silliqligiga salbiy ta’sir qiladi.
Jey Lo ovqatlanishda ham qat’iy: ertalab mevali oqsilli kokteyl, tushlikda tovuq yoki baliq guruch dukkakli salat bilan, kechki ovqatda oqsil va ko‘plab sabzavot. Shirinliklar, qovurilgan taom yoki yarimtayyor mahsulotlar yo‘q — faqat yangi, mavsumiy va asosan bug‘da pishirilgan ovqatlar.
Kosmetika masalasida ham o‘ziga xos yo‘li bor: Jennifer qimmat kremlar yig‘maydi, balki dermatologlar unga alohida tayyorlab bergan vositalardan foydalanadi. Bunday kosmetika qisqa muddatli bo‘lsa ham maksimal samarali — unda keraksiz qo‘shimchalar yo‘q, faqat kerakli faol moddalar bor.
Sizga maslahat: Suv ichishni asta-sekin kuniga 2–2,5 litrgacha yetkazing. Qahvani kamaytirishga harakat qiling. Qimmat krem sotib olish o‘rniga, yaxshi kosmetologga murojaat qiling va aynan teri turiga mosini tanlang.
Izoh (0)