Isroil G‘azo sektorida 12 soat davomida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Sulh 26-iyul, shanba kuni soat 7:00 dan amal qilishni boshlaydi, deya xabar bermoqda Agence France-Presse axborot agentligiga asoslanib “Kun” nashri.
Ushbu tashabbusni G‘azo sektorida Isroilga qarshi kurash olib borayotgan HAMAS harakati ham qo‘llab-quvvatlagan.
Ayni vaqtda, Fransiya diplomatik doiralaridagi manbaning ma’lum qilishicha, Parijda G‘azoda tinchlik sulhiga erishish masalasida Fransiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Qatar, Turkiya va Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq, Isroil matbuoti rasmiy Tel-Aviv G‘azo sektorida falastinlik jangarilariga qarshi olib borilayotgan operatsiyani to‘xtatish to‘g‘risidagi AQSh davlat kotibi Jon Kerrining taklifini rad etgani haqida xabar bergandi.
Isroilning bu boradagi nuqtai nazarini Kerrining o‘zi ham tasdiqlagan edi. Shu bilan birga, Misr ham Tel-Avivni G‘azo sektorida yetti kunlik gumanitar sulh imzolashga chaqirgandi. Ushbu chaqiruvni AQSh davlat kotibi va BMT bosh kotibi Pan Gi Mun qo‘llab-quvvatlagan.
Isroil 7 iyuldan beri G‘azo sektorida HAMAS jangarilariga qarshi “Mudofaa chizig‘i” operatsiyasini o‘tkazmoqda, bundan ko‘zlangan maqsad HAMAS tomonidan Isroil hududlariga berilayotgan tinimsiz raketa zarbalariga barham berishdir.
Ma’lumot uchun, Isroil harbiy operatsiyasi boshlanganidan beri G‘azoda 800 dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, Isroil armiyasi esa 33 nafar harbiyni yo‘qotdi.
Izoh (0)