Interpol qidiruvida bo‘lgan o‘zbekistonlik Tailand qirolligidan topilib, deportatsiya qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, fuqaro O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘ta yirik miqdordagi firibgarlikda ayblangan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayblanuvchi esa chet elga qochib, tergovdan yashiringan va xalqaro qidiruvga berilgan.

Interpol kanallari orqali Tailand huquqni muhofaza qilish organlari bilan muvofiqlashtirilgan hamkorlik harakatlari natijasida qidiruvdagi shaxs Tailand hududida ushlandi va keyingi tergov tadbirlarini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasiga deportatsiya qilindi.
Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroport hududida Milliy markaziy byuro xodimlari tomonidan Tailanddan deportatsiya qilingan X.K. qo‘lga olindi.
Avvalroq ham turli jinoyatlari uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslar AQSH va Turkiyada topilib, O‘zbekistonga qaytarilgani to‘g‘risida xabar qilingandi.
Ular soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik va boshqa qilmishlarni sodir etganligi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarimiz tomonidan qidiruvda bo‘lgan.
Izoh (0)