AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina bilan muomala qilish tobora qiyinlashib borayotganini aytdi. Bu haqda u 7-mart kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda gapirdi.
Trampning AQSH iqtisodiyotining holati haqidagi hisoboti vaqtida jurnalistlar tomonidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tinchlikka sodiqligiga hali ham ishonishi yoki ishonmasligi so‘ralgan. U esa "Men Putinning tinchlikka erishish niyatiga ishonaman. Biz va Rossiya o‘rtasida hammasi yaxshi. Ukraina bilan muomala qilish Rossiyaga qaraganda qiyinroq", deya javob bergan.
AQSH prezidenti Moskva ham, Kiyev ham Ukraina mojarosini hal qilish va o‘t ochishni to‘xtatishdan manfaatdor ekaniga ishonch bildirdi. Trampning ta’kidlashicha, agar u prezidentlik lavozimini egallamaganida, mojaroni hal qilish imkoniyati nolga teng bo‘lardi.
Shuningdek, agar Kiyev mojaroni hal qilish istagini bildirmasa, AQSH ma’muriyati Ukrainaga yordam berishni to‘xtatishi aytildi.
Ukraina tomonidan mojaroga barham berish istagini ko‘rmayapman. Agar ular kelishuvni xohlamasalar, biz u yerdan ketamiz. Ukrainani bundan keyin qo‘llab-quvvatlashimiz uning tinchlik muzokaralariga qanchalik tayyorligiga bog‘liq bo‘ladi, deydi Tramp.
Tramp 3-mart kuni Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatdi. Shundan so‘ng Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyorligini bildirdi.
4-mart kuni AQSH prezidenti Donald Tramp kongressda so‘zlagan nutqida Vladimir Zelenskiydan “muhim maktub” olganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy Ukraina “barqaror tinchlikni yaqinlashtirish uchun imkon qadar tezroq muzokaralar stoliga o‘tirishga” tayyorligini yozgan. Amerika prezidenti Rossiya tomonidan ham “kuchli signallar” olganini qayd etdi.
Izoh (0)