Amerikalik milliarder Ilon Mask Starlink’ni “Ukraina armiyasining tayanchi” deb atadi. Uning fikricha, Ukrainadagi tizimga kirish yopilsa, Ukraina qurolli kuchlarining butun front chizig‘i inqirozga yuz tutadi.
“Mening Starlink tizimim Ukraina armiyasining tayanchidir. Agar men uni o‘chirib qo‘ysam, ularning butun front chizig‘i inqirozga yuz tutadi”, deb yozgan Mask.
Ishbilarmonning qo‘shimcha qilishicha, uni “Ukraina muqarrar ravishda yutqazadigan, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan vaziyatdagi ko‘p yillik qon to‘kilishi” bezdirgan.
“Men bir necha yillardan buyon davom etayotgan qon to‘kish va Ukraina uchun baribir mag‘lubiyat bilan tugaydigan bu urushdan nafratlanaman. Haqiqatan ham qayg‘uradigan, o‘ylaydigan va tushunadigan odam bu qirg‘inni to‘xtatishni istaydi”, deya qo‘shimcha qildi Mask.
Ma’lumot o‘rnida, Ukraina harbiy bo‘linmalari jangovar zonalarda aloqa qilish uchun Starlink’dan foydalanadi.
Shuningdek, Vashington mart oyi boshida Kiyevga harbiy yordam berishni to‘xtatgan edi. 22-fevral kuni Reuters agentligi manbalarga tayanib AQSH Ukrainaning Starlink’ka kirishini cheklash imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergandi. Biroq Ilon Mask bu xabarni yolg‘on deb atagan. Shundan so‘ng Ukraina Mudofaa vazirligi rahbari Rustem Umerov mamlakatda Starlink’ka alternativ borligini aytgan.
Izoh (0)