Missuri shtatining Sharqiy okrugi sudi Xitoy hukumatini pandemiya boshida koronavirus tarqalishi haqidagi ma’lumotni yashirganlikda aybdor deb topdi. Sud Xitoy mamlakati 24 milliard dollardan ko‘proq jarima to‘lashi kerak, deb topdi. Bu haqida The New York Times xabar qildi.
Da’vo Missuri Bosh prokurori tomonidan 2020-yil aprel oyida qo‘zg‘atilgan. Shtat rasmiylarining ta’kidlashicha, Xitoy COVID-19 mavjudligi va tarqalishi haqidagi ma’lumotlarni yashirgan va keyin butun dunyoga shaxsiy himoya vositalarini etkazib berishni to‘xtatgan.

Sudya Stiven N. Limbou o‘z qarorida Xitoy “pandemiya xavfi va ko‘lami to‘g‘risida dunyoni chalg‘itgan” va “shaxsiy himoya vositalarini to‘plab olish bo‘yicha monopolistik amaliyotlar bilan shug‘ullangan” deb yozgan. Uning fikricha, bu Qo‘shma Shtatlarning pandemiyaga o‘z vaqtida tayyorgarlik ko‘rishiga to‘sqinlik qildi va tibbiyot xodimlari uchun yetarli jihozlarni sotib olishni imkonsiz qilib qo‘ydi.
Missuri rasmiylari Xitoy aktivlarini musodara qilish orqali jarimani undirishga va’da berishdi. Xitoy tomoni esa sudya qaroriga rozi emasligini bildirdi.
2019-yil dekabr oyida Xitoy hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) Vuxanda pnevmoniya avj olgani haqida xabar bergan edi. 2020-yil mart oyida JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus virusning tez tarqalishi tufayli COVID-19 ni pandemiya deb eʼlon qildi.
Oxirgi maʼlumotlarga ko‘ra, koronavirus tufayli 7 milliondan ortiq odam vafot etgan. 2025-yil yanvar oyida Markaziy razvedka boshqarmasi virusning laboratoriya kelib chiqishi haqidagi hisobotni e’lon qilgandi.
Izoh (0)