Xitoyda COVID-19 ga qarshi “nol bardoshlilik” siyosati bekor qilinganidan beri bir oy ichida 59 938 kishi koronavirusdan vafot etdi. Bu haqda Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi (NHC) vakili Szyao Yaxui Global Times nashriga ma’lum qildi.
Ma’lumotlar 8-dekabrdan 12-yanvargacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. NHC ma’lumotlariga ko‘ra, 5,5 ming bemorning o‘limiga nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lgan, qolganlari koronavirusning boshqa kasalliklar bilan qo‘shma ta’siridan vafot etgan.
Qurbonlarning o‘rtacha yoshi 80,3 yoshni tashkil etadi, vafot etgan har o‘n bemordan to‘qqiztasi 65 yoshdan oshgan. Qishda qariyalar orasida yurak-qon tomir kasalliklarining kuchayishi va nafas olish yo‘llari kasalliklarining ko‘payishi tufayli ular orasida o‘lim soni nisbatan yuqori bo‘ladi, deb tushuntirdi Szyao Yaxui.
Bloomberg ta’kidlashicha, Xitoy rasmiy idorasining ma’lumotlari bilan COVID-19 dan vafot etganlarning haqiqiy sonini tasdiqlab bo‘lmaydi, chunki dekabr oyida rasmiylar kundalik statistik ma’lumotlarni e’lon qilishni to‘xtatgandi.
“Nol bardoshlilik” davrida Xitoyda har bir koronavirus epidemiyasi lokdaun va qattiq cheklovlar orqali bostirilgandi. Bu Pekinda 2020-yildan beri amal qilib keldi. Namoyishlardan so‘ng Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi dekabr oyi boshida cheklovlarni yumshatishga rozi bo‘ldi.
Choralarning keskin bekor qilinishi kasallikning yangidan avj olishiga olib keldi: dekabr oyida Xitoyda deyarli 250 million kishi COVID-19 bilan kasallangan, deb xabar beradi Bloomberg. Rasmiy statistik ma’lumotlar bu raqamlarni tasdiqlamadi, yanvar oyining o‘rtalariga qadar Pekin Xitoyda pandemiya davrida atigi 5 241 kishi o‘lganini xabar qildi.
Izoh (0)