Xitoyda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 900 million kishiga yetdi. Bu haqda Live Mint xabar berdi.
11-yanvar holatiga ko‘ra, 900 milliondan ortiq odam, ya’ni mamlakat aholisining 64 foizi koronavirus bilan kasallangan. Gansu provinsiyasida kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichi qayd etilgan, hududda aholining 91 foizi kovid yuqtirgan. Undan keyingi o‘rinda Yunnan (84 foiz) va Sinxay (80 foiz) joy olgan. Xitoyning yetakchi epidemiologi qishloqlarda kasallanishlar soni keskin ko‘payishidan ogohlantirgan. Mamlakatda COVID to‘lqinining cho‘qqisi ikki-uch oy davom etishi kutilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) kovid statistikasini yuritmayotgan Xitoyni kasallikdan o’lim sonini kamaytirib ko‘rsatishda ayblamoqda. Bunga javoban Xitoy TIV koronavirus bo‘yicha ma’lumotlarni JSST bilan texnik almashinuv orqali “qonunga muvofiq o‘z vaqtida va oshkora” almashayotganini bildirgan.
Xalqaro sog‘liqni saqlash ekspertlari 2023-yil Xitoyda kamida bir million kishi koviddan o‘lishini bashorat qilmoqda. Pekin pandemiya boshlanganidan beri 5 000 dan ortiq o‘lim haqida rasman xabar bergan, bu dunyodagi eng past o‘lim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.
Mavzuga doir: Foto: Xitoyda koronavirus avj olgan bir paytda krematoriylarga tizilgan navbatlar
Izoh (0)