Ravshan Usmonov O‘zbekistonning Islandiyadagi (qarorgohi London shahrida joylashgan) elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Elchi Islandiya prezidenti Xalla Tomasdottirga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Islandiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalarida aloqalarni jadallashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Islandiya yetakchisi energetika, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, baliqchilik, turizm hamda atrof-muhitni himoya qilish kabi sohalardagi hamkorlik ikki tomonlama manfaatli bo‘lishini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida Islandiya prezidenti Xalla Tomasdottir O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga farovonlik hamda bardavom taraqqiyot, O‘zbekiston elchisining ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va kengaytirish yo‘lidagi ishlariga esa muvaffaqiyatlar tiladi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston va Islandiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1997-yil 25-sentyabrda o‘rnatilgan.
Ravshan Usmonov 2023-yilning noyabrida O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi etib tayinlangandi. Unga qadar 2018-yildan buyon O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi edi.
Izoh (0)