Armanistonda soxta investitsiya platformalariga asoslangan yirik xalqaro firibgarlik sxemasi ishtirokchisi hibsga olindi. Bu haqda Armaniston Tergov qo‘mitasi ma’lum qildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, S.X. ismli fuqaro 2021-yilning noyabr oyidan 2023-yilning dekabrigacha kamida 144 kishidan, shu jumladan, voyaga yetmaganlardan iborat uyushgan guruh faoliyatida ishtirok etgan.
Jinoiy sxema yuqori daromadli investitsiyalarni va’da qiluvchi hamda foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish elementlarini o‘z ichiga olgan soxta saytlarni yaratishdan iborat bo‘lgan. Firibgarlar odamlarni chalg‘itib, tez foyda olish umidida ular o‘tkazgan mablag‘larni o‘g‘irlashgan.
Jabrlanganlarning umumiy soni turli mamlakatlardan kelgan 1400 kishidan oshgan, yetkazilgan zarar miqdori esa 810 million dramm (taxminan 2,16 million dollar) atrofida bo‘lgan.
S.X.ga nisbatan o‘ta ko‘p miqdordagi kompyuter o‘g‘riligi moddasiga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayblov xulosasi bilan ish materiallari allaqachon prokuraturaga topshirilgan.
Bundan avval Rossiyaning Sterlitamak shahrida O‘zbekiston fuqarosi rossiyaliklarning “Davlat xizmatlari” portalidagi akkauntlarini buzib kirib, o‘ndan ortiq muhojirni ro‘yxatdan o‘tkazish ishi bo‘yicha qo‘lga olingani xabar qilingandi.
May oyida TeleMessage xavfsiz korporativ yozishmalar xizmatiga ruxsatsiz kirgan xaker 60 ga yaqin amerikalik amaldor, jumladan, AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Mayk Uoltsning ma’lumotlarini qo‘lga kiritgandi.
Izoh (0)