Daryo

Saudiya Arabistonida eronlik olti kishi qatl qilindi

Tehron holat yuzasidan keskin norozilik bildirdi

1 daqiqa o‘qish26 363 ko‘rishlar0 izoh0

Saudiya Arabistonida giyohvand moddalarni mamlakatga olib kirishga uringanlikda ayblangan olti nafar Eron fuqarosi qatl qilindi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

Eron fuqarolari Qosim Muhammad Shaboniy, Abdurreza Yunus Tenkasiriy, Xalil Shahid Samriy, Muhammad Javod Abduljalil, Mehdi Kenan Ganimiy va Xur Muhammad Shaboniy giyohvand moddalarni noqonuniy ravishda qirollikka olib kirishga uringan, deyiladi Saudiya ichki ishlar vazirligi bayonotida.

Bayonotda ayblanuvchilar hibsga olingani, sud tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilingani aytiladi. Saudiya Arabistoni hukumati buyrug‘i bilan hukm ijro etilgan.

Eron fuqarolarining o‘limiga keskin munosabat bildirildi

Eron Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchisi Abdulloh bin Saud al-Aneziyni chaqirib, unga sodir etilgan qatllar munosabati bilan “keskin iboralar” bilan norozilik notasini topshirdi. TIV bir necha yillardan buyon mahkumlarga konsullik yordami ko‘rsatish va ularning jazosini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilganini bildirdi.

Shunga qaramay, elchixonani oldindan xabardor qilmasdan o‘lim jazosini ijro etish mutlaqo nomaqbuldir va xalqaro huquq normalarini, shu jumladan konsullik aloqalari to‘g‘risidagi Vena konvensiyasini buzadi, deyiladi Eron TIV xabarida.

Vazirlikning ta’kidlashicha, elchi bilan uchrashuv chog‘ida unga bunday harakatlar ikki davlat o‘rtasidagi huquqiy hamkorlikning umumiy amaliyotiga zid ekani eslatib o‘tilgan. Bundan tashqari, Eron Tashqi ishlar vazirligining yuridik va konsullik departamenti vakillari masalani yanada tartibga solish uchun Ar-Riyodga borishi kutilmoqda.

2016-yil yanvarida Saudiya Arabistonida 47 kishi, jumladan, shia voizi Nimr an-Nimr qatl etilganidan so‘ng, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar uzilgan edi. Biroq Iroq va Ummon vositachiligida 2021-yilda tomonlar muzokaralarni boshladi. 2023-yil 10-martda Xitoy hukumati ko‘magida Pekinda munosabatlar uzilganidan yetti yil o‘tib, diplomatik aloqalarni tiklash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar