Hindistonlik amaldor aeroport xodimlari bilan mushtlashib, ortiqcha yuk uchun pul to‘lashdan bosh tortdi va ularning suyaklarini sindirdi. Bu haqda Times of India xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, armiya amaldori Srinagar aeroportida SpiceJet aviakompaniyasi xodimlariga shafqatsizlarcha hujum qilganidan so‘ng katta shov-shuv ko‘tarilgan. Mahalliy ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro yukning og‘irligi tufayli kelib chiqqan. Zobit Ritesh Kumar Singh ruxsat etilgan me’yordan ancha og‘ir bo‘lgan qo‘l yukini olib ketmoqchi bo‘lgan. Aeroport xodimlari ortiqcha yuk uchun to‘lov talab qilganda, u rad etib, ro‘yxatdan o‘tish jarayonini yakunlamasdan samolyotga o‘tishga uringan. Xodimlar uni to‘xtatmoqchi bo‘lganida Singh to‘rt kishiga hujum qilgan.
Oqibatda xodimlardan birining umurtqa pog‘onasi sinib, jag‘ suyagi jiddiy shikastlangan. Yana bir jabrlanuvchining yuziga tepgach, burni va og‘zidan qon oqa boshlagan. Qo‘riqchilar va politsiyaning tajovuzkor yo‘lovchini to‘xtatish urinishlari natijasiz qolgan — u politsiya aralashganidan keyin ham hujumni davom ettirgan.
Ritesh o‘zi esa SpiceJet xodimlari tomonidan qilingan provokatsiya qurboni bo‘lganini aytib, politsiyaga qarshi shikoyat bergan. Shu orada aviakompaniya hodisa videoyozuvini taqdim etib, yo‘lovchini “qora ro‘yxat”ga kiritish jarayonini boshlagan.
Hindiston Mudofaa vazirligi vakillari vaziyatni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishini va tekshiruv natijalariga ko‘ra chora ko‘rishini ma’lum qilgan. Armiya qo‘mondonligi o‘z bayonotida barcha ayblovlarga jiddiy munosabatda ekanligini va intizomning yuqori me’yorlariga qat’iy rioya qilishini ta’kidlagan.
Izoh (0)