Buyuk Britaniya rasmiylari Rossiyaning ehtimoliy harbiy hujumiga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Ular oxirgi marta 2005-yilda tahrirlangan urush holatidagi harakatlar rejasining yangilangan versiyasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu hujjat “Milliy mudofaa rejasi” deb nomlanadi. U Britaniya hujumga uchragan dastlabki kunlarda harakatlar ketma-ketligini belgilaydi. Hukumat urush e’lon qilinishiga qanday munosabatda bo‘lishi va urush davrida mamlakatni qanday boshqarishi kerakligi haqida ma’lumotlar bo‘ladi.
Bundan tashqari, Vazirlar mahkamasi a’zolari va qirollik oilasining bunkerlardan foydalanish tartibi, temir va avtomobil yo‘llari, fuqarolik floti, pochta va telefon tarmoqlarini himoya qilish yo‘llari bayon etiladi.
Reja ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka axborot yetkazish va “resurslarni jamg‘arish” tartibini ham o‘z ichiga olishi kerak. Hujjatda mojaro boshlanishining bir nechta ssenariysi bayon etilishi kutilmoqda, ulardan ikkitasi Buyuk Britaniyaga oddiy yoki yadroviy raketalar bilan hujum qilishni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, ilk bor kiber urush ssenariysi ham batafsil yozilishi rejalashtirilgan, bu tahdid 2005-yilda haqiqiy xavf sifatida ko‘rilmagan edi. Biroq The Telegraph nashrining ta’kidlashicha, bu rejaning yaqin o‘n yilliklarda ommaga e’lon qilinishi ehtimoldan yiroq.
Avvalroq Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili Konservativ partiya tomonidan tuzilgan avvalgi hukumat davrida armiya yetarlicha moliyalashtirilmagani va jangovar harakatlar boshlangan taqdirda dushmanni to‘xtata olmaydigan darajada “bo‘shashgani”ni aytgandi.
Buyuk Britaniya, boshqa ko‘plab davlatlar singari, mohiyatan juda tajribali va (cheklangan) harbiy operatsiyalar o‘tkazishga tayyor bo‘ldi. Biz tayyor bo‘lmagan narsa urush edi. Agar biz urushga tayyor bo‘lmasak, (dushmanni) to‘xtata olmaymiz, dedi Xili.
2024-yil fevral oyida Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi mamlakat qurolli kuchlarida yuqori intensivlikdagi jangovar harakatlarni olib borish uchun tayyorgarlik va resurslar yetarli emasligi haqida hisobot e’lon qilgandi.
Izoh (0)