Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yangi tashkil etilgan Al-Xorazmiy universitetining ilk talabasini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Xorazmdagi tashrif chog‘ida hududdagi yoshlar bilan uchrashgandi. Ushbu uchrashuvda so‘zga chiqqan, Urganch shahridagi 3-sonli maktab o‘quvchisi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Shahzoda Kamolovaning mazkur universitetga qabul qilingani ma’lum qilindi.
U 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab to‘liq grant asosida ushbu universitetda o‘qiydi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Xiva shahridagi Prezident maktabida Shahzoda Kamolova va uning onasi bilan uchrashib, Shahzoda Kamolovaga o‘z ustida ishlashi va harakatdan to‘xtamasligini va kelgusi ishlarida doimo muvaffaqiyat yor bo‘lishini tiladi.


Ushbu oliygoh prezidentning 30-apreldagi “Al-Xorazmiy universitetini tashkil etish hamda axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etiladi.
Shu kuni davlat rahbariga Al-Xorazmiy universiteti taqdimot qilingandi. Universitetda 3 ta: matematika va informatika fakulteti, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi fakulteti hamda sunʼiy intellekt fakulteti bo‘ladi. Ularda iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, sanoat, xavfsizlik, energetika va ekologiya kabi sohalar uchun mutaxassislar tayyorlanadi. Darslar o‘zbek va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida olib boriladi.
O‘quv jarayonlari “Yangi O‘zbekiston” universitetining tajribasi asosida, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy Xalq Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Qabulni 2025/2026-o‘quv yilidan boshlanadi. Jami talabalar soni 4-6 ming atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)