Rossiya hujumi kuchayishi fonida Isroildagi Patriot zenit-raketa kompleksi Ukrainaga beriladi. Bu haqda to‘rtta sobiq va amaldagi Amerika rasmiylariga tayanib, The New York Times xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, gap zenit-raketa kompleksining (ZRK) eski modifikatsiyasi haqida bormoqda. Tizim Isroilda kapital ta’mirdan o‘tmoqda, u yozga qadar Ukrainaga yetkaziladi. Ukraina Qurolli kuchlari arsenalida hozirda sakkizta ZRK mavjud, ammo ulardan faqat oltitasi ishchi holatda.
Ikkitasi ta’mirlanmoqda. Agar Isroil va Germaniya yoki Gretsiya Kiyevga bitta tizimni topshirsa, ularning sonini o‘nga yetkazish mumkin, dedi amerikalik amaldorlardan biri.
Har qanday Patriot kompleksini yetkazib berish AQSHning tasdig‘ini talab qiladi. Oq uyning sobiq amaldoriga ko‘ra, ma’muriyat sentyabr oyida, Donald Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishidan oldin, majmuani Isroil bilan jo‘natishga kelishib olgan.
Tramp lavozimga kirishganidan beri Ukrainaning qo‘shimcha Patriot so‘rovlari ochiqchasiga rad etib kelinmoqda. Garchi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ularni sotib olishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da. Siyosatchi mamlakatni to‘liq himoya qilish uchun 25 ta shunday tizim kerakligini aytgan. Pentagon Ukraina armiyasiga avval tasdiqlangan paketlardan qurol-yarog‘ yetkazib berishda davom etayotganini ma’lum qildi.
2024-yil yozida AQSH, Isroil va Ukraina sakkiztagacha Patriot’ni Kiyevga topshirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berilgandi. ZRKdan foydalanish muddati 30 yildan oshgani sababli ularni hisobdan chiqarish rejalashtirilgan edi. 2025-yil yanvarida AQSH harbiylari Isroildagi omborlardan 90 ga yaqin Patriot raketasini olib chiqib, Ukrainaga yuborish uchun Polshaga yetkazganini ta’kidlagan.
Patriot tizimini yaratish 1 milliard dollarga tushadi va unga xizmat ko‘rsatish uchun 90 ga yaqin harbiy xizmatchi talab etiladi. Bitta batareya quvvat qurilmasi, radarlar, boshqaruv tizimi va har biri taxminan 4 million dollar turadigan to‘rtta tutib oluvchi raketaga ega 5-8 ta uchirish qurilmasidan iborat. Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 186 ga yaqin Patriot tizimi ishlatiladi. Ularning uchdan bir qismi AQSHga tegishli. Yevropa mamlakatlarida, jumladan Ukrainada ham, 40 ga yaqin shunday qurilma mavjud.
Izoh (0)