Janubiy Koreyada mashhurlar o‘rtasidagi munosabatlar doim ham oson kechmaydi. K-pop yulduzlari shaxsiy hayotiga nisbatan muxlislar doim qiziqish bildiradi, bu esa ko‘pincha munosabatlarning erta yakunlanishiga olib keladi. Chunki ko‘pchilik san’atkorlar o‘z imiji va karyerasini saqlab qolish uchun rishtalardan voz kechishga ham tayyor bo‘ladi.
Shunga qaramay, chin yurakdan bo‘lgan muhabbat hech qanday to‘siqlardan qo‘rqmaydi. Quyidagi Janubiy Koreyaning eng mustahkam 10 ta mashhur juftligi haqida so‘z boradi.

Shin Min A va Kim U Bin

Koreys pop madaniyatidagi eng barqaror munosabatlar haqida so‘z ketganda muxlislar ko‘z o‘ngida birinchi bo‘lib gavdalanadigan juftlik bu Shin Min A va Kim U Bin bo‘ladi. Ular haqida alohida ssenariy yozish mumkin. Shin va Kim 2015-yilda reklama suratga olish maydonida tanishgan va tez orada uchrashishni boshlashgan. 2017-yilda Kim U Bingа saraton tashxisi qo‘yilganida, ko‘pchilik juftlik ajraladi deb o‘ylagan, ammo Shin Min A qallig‘ining yonida qolib, uni qo‘llab-quvvatladi va kasallikni yengib o‘tishiga yordam berdi.
Li Bo Yon va Chji Son

Bu ikki aktyor “So‘nggi raqsni menga qoldir” dramasida tanishgan. Serialda bosh rolni boshqa aktrisa ijro etgan bo‘lsa-da, Chji Sonning yuragini zabt etgan inson aynan Li Bo Yon bo‘lgan. 2007-yilda ular munosabatlarini rasman e’lon qilgan, 2013-yilda turmush qurgan. Bugun ular ikki nafar farzand – 2015-yilda tug‘ilgan qiz va 2019-yilda dunyoga kelgan o‘g‘ilni tarbiyalamoqda.
Yujin va Ki Txe Yon

S.E.S guruhining sobiq a’zosi, mashhur aktrisa Yujin o‘z baxtini 2009-yilda “Taqdirdan qochib ketolmaysan” dramasida birga ishlagan Ki Txe Yon bilan topgan. Oradan ikki yil o‘tib, 2011-yilda ular oila qurishdi. Oilada 2015 va 2018-yillarda tug‘ilgan ikki chiroyli qiz farzandlar bor. Yujinning aytishicha, birinchi qizi otasiga, ikkinchisi esa unga o‘xshaydi.
Chxve Su Yon va Chon Kyon Xo

Ular 2012-yildan beri birga bo‘lishsa-da, deyarli hech qayerda birga ko‘rinishmagan. Garchi Chxve va Chon 2014-yildayoq o‘zaro munosabatlari jiddiy ekanligini tasdiqlashgan, biroq juftlikni omma oldida ko‘rish juda kamyob holat. Yashirin munosabatlariga qaramay, ikkovlon bir-birini doimo samimiy so‘zlar bilan tilga olishadi, ammo hozircha turmush qurishdan ko‘ra karyeraga ko‘proq e’tibor qaratishni ma’qul ko‘rishadi.
Te Yan va Min Xyo Rin

K-pop aydoli va BIGBANG a’zosi Te Yan an’anaviy qadriyatlar tarafdori bo‘lib, ilk muhabbatini uchratgach, uzoq kutishni istamadi va darrov nikohdan o‘tdi.
Min Xyo Rin 2014-yilda Te Yanning “1AM” klipida suratga tushganidan so‘ng uchrasha boshlagan. So‘ng 2018-yilda turmush qurgan.
Tablo va Kan Xe Chjon

Epik High guruhining a’zosi Tablo aktrisa Kan Xe Chjonni bir ko‘rishda sevib qolganini ta’kidlaydi. Ular 2009-yilning kuzida turmush qurdi (Kan Xe o‘shanda homilador edi) va 2010-yilda oilada Haru ismli qizaloq tug‘ildi. Tablo farzandi bilan faxrlanadi va tez-tez uning suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishib turadi.
Cho Djon Sok va Gammi

Ushbu ajoyib juftlik 2013-yilda tanishishgan. O‘shanda Cho Djon Sok “Hedvig va baxtiqaro dyuym” musiqiy filmida ishlayotgan bo‘lgan. Avvalida ularning munosabatlari ancha murakkab bo‘lgan, so‘ng 2018-yilda turmush qurishgan. 2020-yilda ilk farzandi dunyoga kelgan.
Tiger JK va Yun Mi Re

Bu juftlik nafaqat bir oila, balki hip-hop dueti hamdir. Ular 2006-yilda tanishishgan, Yun Mi Re Tiger JK asos solgan “Jungle Entertainment”ga qo‘shilgach, munosabatlari boshlangan va 2007-yilda turmush qurishgan.
2008-yilning mart oyida o‘g‘illari Jordan tug‘ilgan. 2013-yilda ular yangi “Feel Good Music” leyblini tashkil etib, Bizzy bilan birga MFBTY guruhini tuzishgan.
Reyn va Kim Te Xi

Bugun ular namunali oila sifatida tanilgan bo‘lsa-da, ilk tanishuvlari unchalik ham ijobiy bo‘lmagan. 2013-yilda reklama suratga olishda uchrashishganda, ikkovlon bir-birlariga unchalik mos emasliklarini tan olgan. Yigit armiyadan yozgan tasodifiy xabari natijasida ular yaxshi kelisha boshlagan va 2017-yilda turmush qurgan. Hozirgi kunda juftlikning ikki qizi bor.
Xaxa va Byol

Ko‘pchilik komik Xaxani “Cheksiz chaqiriq” va “Yugurayotgan odam” shoulari orqali taniydi, ammo u musiqa bilan ham shug‘ullanadi. Aynan shu soha tufayli u hayotidagi yagona muhabbati — Byol bilan uchrashgan. Ular 2012-yilda turmush qurdi. 2013-yilda birinchi farzand o‘g‘illari Dream (Orzu) tug‘ildi, 2017-yilda esa yana bir o‘g‘il — Soul (Ruh). 2019-yilda esa Song (Qo‘shiq) ismli qiz farzandli bo‘ldi.
Izoh (0)