AQSH prezidenti Donald Tramp va uni prezidentlik poygasida faol qo‘llab-quvvatlagan milliarder Ilon Mask o‘rtasidagi ziddiyat yangi bosqichga chiqdi. Ularning har ikkisi o‘z ijtimoiy tarmoqlari Truth Social va X‘da ayblovlar yog‘dirdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zi tomonidan ilgari surilgan soliq va davlat xarajatlariga oid qonunni tanqid qilib kelayotgan Ilon Maskka munosabat bildirib, undan xafaligini aytdi. Oq uy rahbari Ilon Mask qonun loyihasidan juda yaxshi xabardorligini, tadbirkor elektromobillar uchun imtiyozlar bekor qilinayotgani sabab norozi bo‘layotganini ta’kidladi. Bunga javoban SpaceX va Tesla kabi kompaniyalar asoschisi AQSH prezidentini yolg‘onchilikda aybladi.

Ziddiyat oshkora janjalga aylanib ketar ekan, Donald Tramp Ilon Mask kompaniyalari uchun davlat subsidiyalarini bekor qilish bilan tahdid qildi.
“Byudjetimizdan milliardlab dollarni tejashning eng oson yo‘li — Ilonning davlat subsidiyalari va shartnomalarini bekor qilishdir. Men har doim hayron bo‘lardim, nega Bayden buni qilmagan”, dedi Oq uy rahbari.
Mask esa o‘zining X tarmog‘ida javob qaytarib, “Bu yanada qiziqroq bo‘lyapti. Qani, xursand qil meni”, dedi.
AQSH prezidenti va uning sobiq maslahatchisi o‘rtasidagi mojaro Ilon Mask Oq uyni tark etganidan atigi bir hafta o‘tmay ro‘y berdi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Tramp tadbirkorga AQSH hukumatidagi “qisqa, biroq ahamiyatli” ishi uchun minnatdorchilik bildirgan edi. Shundan so‘ng tomonlar qayta uchrashmadi.

Biroq AQSH prezidentining asosiy soliq imtiyozlari va xarajatlar haqidagi qonun loyihasi vaziyatni o‘zgartirdi. Ilon Mask bu Qo‘shma Shtatlar davlat qarzini oshirib, defoltga olib borishini ta‘kidladi.
6-iyun kuni Oq uyda Germaniya kanslerini qabul qilgan Donald Tramp uning bu so‘zlariga javob qaytardi. AQSH prezidenti tadbirkor bilan munosabatlari buzilganidan afsusda ekanini aytib, “Maskdan qattiq xafa bo‘lganini, unga juda ko‘p narsa berganini” qo‘shimcha qildi.
Ilon Maskning javobi esa uzoq kuttirmadi. Tadbirkor siyosiy donor sifatida Tramp saylov kompaniyasiga 200 million dollardan ortiq mablag‘ tikkanini eslatib qo‘ydi.
“Men bo‘lmaganida Tramp saylovda yutqazgan bo‘lardi, demokratlar Vakillar palatasini nazorat qilgan bo‘lardi, respublikachilar esa Senatda 51–49 natijani qo‘lga kiritgan bo‘lardi... Shunaqa noshukrlik”, deb yozdi tadbirkor X tarmog‘ida.
Tesla uchun yomon kun
Mojaro boshlangach, usiz ham boykot kompaniyalari sabab ahvoli yaxshi bo‘lmagan Tesla aksiyalari quladi. Kompaniya bir kun ichida 150 milliard dollar qiymat yo‘qotdi.
Kompaniya aksiyalari Donald Tramp hokimiyatga kelgach keskin ko‘tarilgan, biroq siyosiy faoliyati va bayonotlari sabab esa yana qulagan edi. Biroq tadbirkor Oq uyni, aniqrog‘i DOGE rahbari lavozimini tark etib, asosiy e’tiborni o‘z bizneslariga qaratishi haqida ma’lum qilgach, yana ko‘tarilgan edi. Ammo mojaro elektromobil ishlab chiqaruvchisi uchun jiddiy zarba bo‘ldi.
U Oq uyni sog‘indi
Donald Tramp Ilon Maskning tanqidlariga munosabat bildirar ekan, u Oq uyni sog‘inganini ta’kidladi. Boisi tadbirkor saylov kampaniyasida Donald Trampni qo‘llab-quvvatlariga uchun eng yaqin hamrohlaridan biriga aylangan, bu esa unga ko‘plab eshiklarni ochgan edi. Qasamyod marosimida prezidentning ortida turish, Air Force One (birinchi bort - tah.) samolyotida u bilan birga sayohat qilish, Oq uyda ishlash va tunash, shuningdek hukumat yig‘ilishlariga qatnashish shular jumlasidan.

“Rostini aytsam, menimcha, u bu joyni sog‘indi. Tashqariga chiqib, o‘zining go‘zal Oval ofisda emasligini ko‘rib qoldi”, degan Donald Tramp.
Oq uy rahbari, shuningdek, uning administratsiyasidan ketgan ba’zi odamlar “bu joyni shunchalik sog‘inganidan hatto dushmanlardek bo‘lib qolishi”ni qoshimcha qildi.
Donald Tramp Mask bizneslariga subsidiyalarni to‘xtatish bilan tahdid qilgach, Ilon Mask ohangini yanada keskinlashtirdi. U Donald Trampga impichment e’lon qilib, o‘rniga J.D Vensni saylash haqidagi fikrni ma’qulladi. Shuningdek AQSH prezidentini Epshteyn ishiga aloqadorlikda aybladi.
Mojaro ildizi
AQSH Kongressining Byudjet boshqarmasi tahlilicha, Ilon Maskni norozi qilgan qonun loyihasi trillionlab dollar soliq imtiyozlarini taqdim etadi va xarajatlarni kamaytiradi. Biroq shu bilan birga 10 yilda 2,4 trillion dollar byudjet tanqisligini keltirib chiqaradi. Qolaversa, 10,9 million odamni tibbiy sug‘urtasiz qoldiradi.
Donald Tramp va Ilon Mask soliq imtiyozlari, davlat xarajatlaridan tashqari NASA masalasida ham bir fikrga kelolmagan. Agentlik rahbarligiga tadbirkor tomonidan ko‘rsatilgan Jared Isaakman nomzodi prezidentga ma‘qul kelmadi. Oq uy uni demokrat deb baholadi.
“Bu so‘zlarni yozgan odam qayerda? Uni dublyor bilan almashtirishganmikan?”, dedi Ilon Mask Donald Trampning prezident bo‘lishdan oldin davlat xarajatlari tanqid qilingan postlarini sahifasida ulashib.
Voqea ba’zi demokratlarni xursand qildi. Boisi ular Ilon Maks Trampdan yuz o‘girib, yana demokratlar tomoniga qaytishidan umidvor. Tadbirkor maslahatchilaridan biri Mask “vabank” qilishi mumkinligini, ya’ni demokratlarni qo‘llashi ehtimoldan uzoq emasligini ta’kidladi.
Izoh (0)