Xitoy olimlari yadroviy materiallardan foydalanmagan holda vodorod asosidagi portlovchi qurilmani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, og‘irligi 2 kilogramm bo‘lgan bomba portlagach, ikki soniyadan ortiq vaqt davomida 1000 darajadan yuqori issiqlikka ega olovli shar hosil bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich trotil portlashiga qaraganda 15 barobar uzoq davom etgan.
Qurilma suv osti qurol tizimlarining asosiy ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Xitoy davlat kemasozlik korporatsiyasining (CSSC) 705 ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan. Unda magniy gidridiga asoslangan qattiq holatdagi vodorod saqlagich qo‘llanilgan. Bunday usulda vodorod gaz ballonlariga qaraganda ancha ko‘p hajmda saqlanishi mumkin.
Magniy gidrid faollashtirilganda tezda termik parchalanish sodir bo‘ladi va tarkibida vodorod bo‘lgan gaz ajralib chiqadi hamda yonib ketadi.
Vodorod tarkibli gazning portlashi minimal yonish energiyasida ham yuz beradi, keng diapazonga ega bo‘ladi. U tezda tashqariga otilib chiqadigan va keng tarqaladigan alanga hosil bo‘lishiga olib keladi. Ushbu kombinatsiya portlash intensivligini aniq nazorat qilish, keng hududlardagi nishonlarni bir tekisda yo‘q qilishga oson erishish imkonini beradi, deyiladi tadqiqotda.
Bunday bombalar katta issiqlik ta’siriga sabab bo‘ladi, chunki portlash natijasida hosil bo‘ladigan olovli shar trotil portlashidagi 0,12 soniyalik chaqnashga qaraganda ancha uzoq davom etadi.
Olimlar, shuningdek, portlash vaqtida hosil bo‘ladigan ortiqcha bosim bomba markazidan 2 metr masofada 428,43 kilopaskalgacha yetishini aniqladi. Bu trotil portlash kuchining taxminan 40 foiziga teng, ammo issiqlik tarqalish masofasi ancha uzoqroq.
O‘tgan yil kuzida Xitoy armiyasi 1980-yildan beri ilk bor sinov tariqasida qit’alararo ballistik raketani uchirgan edi. Raketa Xaynan orolidan uchirilgan va taxminan 12 ming kilometr masofani bosib o‘tib, Tinch okeanining janubiy qismida, Fransuz Polineziyasi orollari yaqiniga qulagan. Mutaxassislar fikricha, gap uch bosqichli qattiq yoqilg‘ili raketa (DF-41 va DF-31) yoki ikki bosqichli suyuq yoqilg‘ili DF-5 raketasi haqida ketmoqda.
Izoh (0)