Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Sariosiyo” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga yo‘l olgan xorij fuqarosi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, tekshiruv jarayonida uning qo‘l yuklari orasida deklaratsiyalanmagan va bojxona xodimiga maʼlum qilinmagan XVIII asrga tegishli 1 dona qadimiy haykalcha hamda 1 dona qadimiy obdasta borligi aniqlandi.
Shuningdek, “Termiz aeroport” chegara bojxona posti orqali xorijga uchib ketayotgan fuqaroning qo‘l yuklari ichidan 1 dona sarg‘ish-qizg‘ish rangdagi, yuzasida tasvir va lotin tilidagi yozuvlar mavjud bo‘lgan, XIX asrga oid tanga borligi aniqlandi.

Hozirda ashyoviy dalillar Termiz arxeologiya muzeyiga topshirilgan bo‘lib, holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, 50 yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar mamlakatdan olib chiqib ketilmaydi.
Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy mamlakatga uchib ketayotgan fuqaroning qo‘l sumkasi tekshirilganda, uning ichida qadimiy tangalar va quyma oltin bo‘laklari borligi aniqlangandi.
Shuningdek, Buxoroda tarixiy tangalar va ko‘krak nishonlarini yashirincha Rossiyaga olib ketayotgan shaxs ushlangandi.
Izoh (0)