O‘zbekiston voleybol federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasida ichki ishlar vaziri general-mayor Aziz Toshpo‘latov federatsiya raisi etib saylandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, yig‘ilishda Aziz Toshpo‘latov nomzodi konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Shu bilan birga, federatsiyaning Andijon, Buxoro, Namangan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm va Toshkent shahrining hududiy bo‘limlari raisligiga nomzodlarni saylash taklif etildi.
Ushbu viloyatlar IIBlari boshliqlari va Toshkent shahar IIBB boshlig‘i bir ovozdan hududiy bo‘limlar raisligiga saylandi.
2025-yil yanvarida bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston sport kurashlari assosiatsiyasi raisi etib saylangandi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasiga rais bo‘ldi.
Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov 17-fevral kuni Yengil atletika federatsiyasi raisi etib saylangan edi.
“Paxtakor” FK prezidenti sifatida faoliyat yuritgan mutaxassis Botir Rahimov O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisi etib saylangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)