Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni nodavlat ta’lim xizmatlari tizimini takomillashtirish, oliy va kasbiy ta’limda sifatni oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ta’lim sohasida xususiy sektorga berilgan imkoniyatlar tufayli 71 ta xususiy oliygoh va 51 ta xususiy texnikum tashkil etilib, ularda 500 ming nafarga yaqin talaba va o‘quvchilar tahsil olmoqda. Buning natijasida mamlakatda oliy ta’lim bilan qamrov 9 foizdan 42 foizga oshdi.
Bugungacha amalga oshirilgan ishlar ko‘plab yoshlarning kasbiy va oliy ma’lumot olishiga imkon yaratdi. Ammo, nodavlat ta’lim tashkilotlarining barchasida ham ta’lim sifati birdek ta’minlanmagan. Nodavlat ta’lim tashkilotlarida qabul parametrlari, ta’lim dasturlari, o‘quv jarayonlari hamda ilmiy salohiyatni sifat jihatidan yaxshilash, ularni zamonaviy mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish eng asosiy masalalardan biridir.
Shu bois taqdimotda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishni tartibga solish, litsenziyalash tizimini takomillashtirish hamda davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish bo‘yicha yangi tizimni joriy etishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi. Bu borada ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ikki bosqichli lisenziyalash tizimiga o‘tish, ta’lim dasturlarini maxsus akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda har besh yilda kompleks davlat akkreditatsiyasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, taqdimotda rivojlangan davlatlarning eng ilg‘or tajribasidan kelib chiqqan holda, ta’lim sifatini tashqi baholash bilan shug‘ullanuvchi alohida mustaqil tuzilma tashkil etish hamda sifat nazoratining shaffof, xolis va adolatli tizimini joriy qilish tashabbusi ham ilgari surildi.
Ta’lim sifatini ta’minlash va tashqi baholashning joriy etilishi kasbiy va oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish samaradorligi va ilmiy salohiyatni oshirib, ularning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova 2024-yilda respublikada oliy ta’lim muassasalari soni 211 tani tashkil etganini ma’lum qilgandi. Ularning 112 tasi davlat, 30 tasi xorijiy va 69 ta nodavlat oliy ta’lim muassasalari hisoblanadi. O‘shanda 2024/2025-o‘quv yilida jami 1 million 167 ming nafardan ortiq talaba tahsil olishi kutilayotganini aytgandi.
Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetida eng ko‘p talabalarda tahsil olmoqda.
Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni — bilim, ta’lim va tarbiya bo‘ladi”, deb ta’kidlagandi. “Mamlakatimiz kelajagini ta’limda ko‘raman. Bilimi bor odam har qanday sharoitda yo‘lini topa oladi. Agar biz sifatli ta’lim bera olsak, farzandlarimizning kelajagidan xavotir olmasak ham bo‘ladi”, degan edi prezident ta’lim sohasi vakillarini taqdirlash marosimida.
Izoh (0)